Orolbo‘yi hududida bo‘lib o‘tgan «Media haftalik»da 700 dan ortiq soha vakillari qatnashdi
Qoraqalpog‘istonda Media haftalikning ilk bosqichi yakunlanib, 700 dan ortiq ishtirokchi jalb qilindi
© Foto: Kontent markazi axborot xizmatiQoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan «Media haftalik»ning dastlabki bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Besh kun davomida hudud mamlakat axborot makonining faol markaziga aylanib, turli yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi media vakillarini bir maydonga jamladi.
Loyihada 60 dan ortiq axborot xizmati xodimlari, 80 nafardan ziyod telekanal vakillari, 50 dan ortiq OAV xodimlari hamda yuzlab blogerlar ishtirok etdi. Eng katta qatlamni esa 500 nafardan ortiq mobilograf, SMM mutaxassisi va kontent yaratishga qiziquvchi yoshlar tashkil qildi. Jami ishtirokchilar soni 700 nafardan oshdi.
Amaliy yondashuv ustuvor
Ushbu tashabbus an’anaviy nazariy ma’ruzalardan voz kechib, amaliyotga asoslangan formatda tashkil etildi. Ishtirokchilar beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘qitilib, sun’iy intellekt, faktcheking, raqamli etika va ma’lumotlarni vizuallashtirish kabi dolzarb mavzularni o‘zlashtirdi.
Televideniye vakillari uchun reportaj tayyorlash va hujjatli filmlar ishlab chiqish, texnik mutaxassislar uchun esa zamonaviy tasvir va montaj usullari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Davlat organlari axborot xizmati rahbarlari strategik kommunikatsiya, antikrizis boshqaruv va jamoatchilik bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bilimlarini mustahkamladi.
Yangi avlod mediasi
SMM mutaxassislari va blogerlar auditoriya e’tiborini jalb etuvchi kreativ kontent yaratish, ijtimoiy tarmoq algoritmlari bilan ishlash va brend imijini shakllantirish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar tajribali ekspertlar, jumladan Beruniy Alimov, Nozima Toshpo‘latova va Jahongir Olimov kabi mutaxassislar ishtirokida o‘tkazildi.
Haftalik doirasida 10 ming nafar SMM mutaxassisini tayyorlash dasturiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirga qadar 7 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan bo‘lib, ularning 2 mingdan ziyodi kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan.
Loyiha yakunida media forum va sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Keyingi bosqich 6–10-aprel kunlari Xorazm viloyatida tashkil etilishi rejalashtirilgan.





