add

O‘zbek tili uchun sun’iy intellekt asosida intellektual platforma yaratiladi

21.10.2025 | 13:005841

Prezident davlat tilini raqamli muhitga integratsiya qilish bo‘yicha qaror imzoladi. Loyiha orqali sun’iy intellekt asosida o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash va yangi atamalar reyestrini yaratish ko‘zda tutilgan.

O‘zbek tili uchun sun’iy intellekt asosida intellektual platforma yaratiladi

O‘zbekiston prezidenti davlat tilini rivojlantirish va uni zamonaviy axborot texnologiyalariga integratsiya qilish choralarini belgilagan qarorni imzoladi. Bu haqda UzA xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, o‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus platforma ishlab chiqish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjat tayyorlanadi. Mazkur vazifa Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasiga yuklatildi. Loyiha 2026 yil 1 maygacha hukumatga taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025 yil 1 dekabrgacha elektron platforma yaratish bo‘yicha ilmiy tanlov e’lon qiladi. Yangi tizim fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikr va takliflarni qayd etib, yangi qabul qilingan so‘z va atamalarni elektron reyestr orqali to‘plab boradi. Shu bilan birga, u izohli va imlo lug‘atlarini yagona ma’lumotlar bazasida jamlaydi.

Avvalroq Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov parlament muhokamasida sun’iy intellektni o‘zbek tilida ishlatish imkoniyatlari cheklanganini qayd etgan edi. U xorijiy tajribani joriy etish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan va til resurslarini kengaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 15 ta tashkilotdan ma’lumotlar to‘planib, elektron hukumat tizimi orqali 90 mingga yaqin ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Shuningdek, o‘zbek tilidagi «katta til modeli» (LLM)ni yaratish uchun 10 milliard so‘zdan iborat korpus tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid