add

O‘zbekiston startap ekotizimi qiymati 3,9 milliard dollarga yetdi

Bugun 22:013 daqiqa

2026 yilda O‘zbekistonda 5G joriy etiladi, startaplar soni oshadi va sun’iy intellekt uchun super komputer ishga tushadi.

O‘zbekiston startap ekotizimi qiymati 3,9 milliard dollarga yetdi© Фото: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va innovatsion ekotizimni shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, 2024-2025 yillarda mamlakatimizdagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga yetdi. Mahalliy startaplarning soni 750 tadan oshdi. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa 180 million dollardan oshdi.

O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez o‘sayotgan va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb e’tirof etilmoqda.

Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi

Taqdimotda 2030 yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Shu maqsadda xalqaro tajriba asosida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli tizimi joriy etilmoqda. G‘oya, ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qo‘shma moliyalashtirish, eksport xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar yo‘naltiriladi.

Elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, «MyGov.uz» mobil ilovasining funksionalini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qo‘yish, bank plastik kartasini ochish, sim-karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Sun’iy intellekt va super komputerlar

Taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi.

Xususan, hozirgi kunda zamonaviy kichik super komputer ishga tushirildi, katta super komputerni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda. Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.

Mamlakat hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, ma’lumotlar xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Telekommunikatsiya va 5G texnologiyasi

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bu borada barqaror o‘sish sur’atlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan-yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani ta’kidlandi. 2026 yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid