add

O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun diplommi yoki tajriba — qaysi muhimroq?

15.10.2025 | 10:1428814

hh.uz platformasi 100 dan ortiq kompaniyalar ishtirokida o‘tkazgan so‘rovda aniqlanishicha, O‘zbekistonda ish beruvchilarning qariyb yarmi nomzoddagi amaliyot va tajribani oliy ma’lumotdan ustun qo‘yadi.

O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun diplommi yoki tajriba — qaysi muhimroq?
O‘zbekiston mehnat bozorida so‘nggi yillarda ishga qabul qilish jarayonida nazariy bilimlardan ko‘ra amaliy ko‘nikmalarga kattaroq ahamiyat berila boshlandi. hh.uz ish qidirish platformasi o‘tkazgan so‘rovda 100 dan ziyod mahalliy kompaniya va tashkilotlar ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, ish beruvchilarning 47 foizi amaliyotni diplomdan muhim deb hisoblaydi. Ya’ni ular uchun nomzodning ish tajribasi, loyihalarda ishtirok etgani yoki muayyan sohada ko‘nikmaga ega bo‘lishi asosiy mezonga aylangan. Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining 55 foizi qarorni lavozim turiga qarab qabul qilishini bildirgan: ayrim sohalarda nazariya muhim bo‘lsa, boshqalarida amaliyot ustun ahamiyat kasb etadi. Masalan, injenerlik yoki IT sohasida tajriba birinchi o‘rinda turadi, ta’lim yoki huquq sohasida esa diplom asosiy talab sifatida qolmoqda. Bitiruv hujjatisiz, ammo malaka oshirish kurslarini tugallagan nomzodlarga nisbatan munosabat ham o‘zgarmoqda. Ish beruvchilarning 34 foizi bunday mutaxassislarni ishga qabul qilishga tayyor ekanini, 31 foizi esa ularni boshlang‘ich lavozimlar uchun munosib deb hisoblaydi. Faqat 2 foiz kompaniyalar diplomni mutlaqo zarur deb biladi. Ko‘nikmalarni baholashda eng keng qo‘llaniladigan usullar — intervyu jarayoni (65 foiz), real ish holatlarini tahlil qilish (46 foiz) va sinov vazifalari (36 foiz) hisoblanadi. Ish beruvchilarning 62 foizi diplom faqat ayrim kasblar uchun muhimligini ta’kidlagan, 23 foizi esa to‘liq ko‘nikma asosida ishga qabul qilish tizimiga o‘tishni kutmoqda. Shu tariqa, O‘zbekistondagi ish bozorida nazariyadan ko‘ra amaliyotga tayangan, natija ko‘rsata oladigan mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Eslatib o‘tamiz, hh.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning uchinchi choragida mamlakat bo‘ylab taklif etilayotgan maoshlar o‘rtacha 4,36 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun diplommi yoki tajriba — qaysi muhimroq? | Vaqt.uz