
O‘zbekistonda musiqa terapiya assotsiasiyasi tuziladi
16.10.2025 | 14:0029533
Ushbu tashkilot mamlakatda musiqa terapiyasi yo‘nalishini rivojlantirish, mutaxassislarni birlashtirish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi aytilmoqda.

O‘zbekistonda musiqa terapiya sohasini tizimli rivojlantirish maqsadida yangi jamoat tashkiloti — «O‘zbekiston musiqa terapiya assotsiasiyasi» tashkil etiladi. Bu haqda Madaniyat vazirligi ma’lum qildi.
Tashabbus Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti (O‘zMMSI) tomonidan ilgari surilgan. Assotsiasiyani tuzish masalasi institut rahbari vazifasini bajaruvchi Eldor Shermanov hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiasiyasi raisi Kamoliddin Ishanxo‘jayev ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilingan.
Uchrashuvda musiqa terapiyasining ijtimoiy va madaniy ahamiyati, uni amaliyotda qo‘llash mexanizmlari, shuningdek, nodavlat sektor bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilib, mutaxassislar bu yo‘nalish sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya jarayonlarida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidlagan edilar.
O‘zMMSIda «O‘zbekistonda musiqa terapiyasi sohasini rivojlantirish va uning zamonaviy tibbiyotdagi o‘rni» mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda yangi assotsiasiya tashkil etilgani rasman e’lon qilindi.
Seminarda tashkilotning ustavi, boshqaruv tuzilmasi hamda nazorat-taftish komissiyalari tasdiqlandi. Yangi birlashma musiqa terapiyasi bo‘yicha faoliyat yurituvchi mutaxassislarni birlashtirish, ularning kasbiy malakasini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishni maqsad qiladi.
Assotsiasiya faoliyati orqali musiqa terapiyasini ta’lim, tibbiyot va madaniyat sohalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka aylantirish, uni aholi salomatligiga ijobiy ta’sir etuvchi yo‘nalish sifatida rivojlantirish ko‘zda tutilgan.





