
O‘zbekistonda taqiqlangan diniy manbalar ro‘yxati e’lon qilindi
Oliy sud ekstremistik va terroristik deb topilgan qariyb 1400 ta internet manbani rasman ochiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi internet jahon tarmog‘ida diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan hamda mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etilishi taqiqlangan manba va materiallar ro‘yxatini e’lon qildi. (Ro‘yxat)
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 8-yanvar holatiga ko‘ra, ro‘yxatga jami 1 ming 389 ta turli profil, kanal va material kiritilgan. Ularning katta qismi ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali tarqatilgan kontentlardan iborat ekani qayd etilmoqda.
Xususan, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 203 ta profil va material, Telegram messenjerida 713 ta kanal, guruh va material, Instagram'da 226 ta profil aniqlangan. Shuningdek, You Tube'da 135 ta kanal va video, «Odnoklassiki» tarmog‘ida 35 ta material hamda TikTok platformasida 44 ta profil ro‘yxatga kiritilgan.
Bundan tashqari, internet tarmog‘ida joylashgan 13 ta sayt va alohida materiallar, shuningdek, 20 ta turli kitob, ma’ruza va nashidalar ham taqiqlangan manbalar sifatida qayd etilgan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kontentlar diniy aqidaparastlik va zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan bog‘liq deb baholangan.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov fuqarolarni bunday materiallardan yiroq bo‘lishga, internet makonida ongli va ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, qonun talablariga rioya qilish har bir fuqaroning burchidir.
Qonunchilikka muvofiq, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasiga ko‘ra, bunday materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, 244-3-moddada diniy mazmundagi materiallar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar uchun jarima va boshqa jazo choralari belgilangan.





