
Pavel Durov Luvrdan o‘g‘irlangan xazinalarni sotib olib, boshqa muzeyga bermoqchi
Telegram asoschisi Pavel Durov Luvrdagi o‘g‘irlik Fransiya tanazzulining belgisi ekanini aytdi. U o‘g‘irlangan Napoleon va Jozefinaga tegishli javohirotlarni sotib olib, Abu-Dabi Luvriga topshirishga tayyorligini bildirdi.

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyidan qimmatbaho javohirotlar o‘g‘irlangani haqidagi yangilikka izoh berdi. Uning fikricha, bu voqea mamlakatning umumiy inqirozini namoyon etmoqda.
«Luvr talon-toroj qilinishi men uchun umuman hayratlanarli emas. Bu — bir paytlar buyuk bo‘lgan mamlakatning tanazzul belgisidir. Hukumat odamlarni haqiqiy muammolardan chalg‘itish san’atini mukammal darajada o‘zlashtirgan», — deb yozdi Durov ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida.
Post ostidagi izohlardan birida foydalanuvchi undan «o‘g‘irlikni o‘zingiz amalga oshirdingizmi?» deb so‘raganida, Durov shunday javob berdi:
«Men o‘g‘irlangan javohirotlarni mamnuniyat bilan sotib olib, Luvrga qaytaraman. Albatta, so‘z Abu-Dabi Luvri haqida — u yerdan hech kim hech narsa o‘g‘irlamaydi».
Ma’lumot uchun, 19 oktyabr kuni Parijdagi Luvr muzeyi o‘g‘irlikka uchradi — noma’lum shaxslar Napoleon va Jozefina kolleksiyalariga tegishli to‘qqizta zargarlik buyumlarini olib chiqib ketgan. Fransiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa soat to‘rtlarda sodir bo‘lgan, o‘g‘rilari Sena bo‘yidagi qurilish qismi orqali avtolestnitsa yordamida muzeyga kirgan va hammasiga to‘rt daqiqa sarflagan.
Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati voqeani «milliy fojia» deb atadi. Parij prokuraturasi hozircha ikki versiyani ko‘rib chiqmoqda, shu jumladan xorijliklar ishtirokini ham istisno qilmayapti.
Ayni paytda Pavel Durovning o‘zi ham Fransiyada tergov doirasida bo‘lib, har 14 kunda mamlakatga qaytib kelish majburiyatini bajarmoqda.





