
Putin Budapeshtga uchsa, qamoqqa olinadimi?
17.10.2025 | 19:408715
Viktor Orban Putinni hech qanday to‘siqsiz qabul qilishga tayyor ekanligini bildirdi — ammo Rossiya rahbari uni qidiruvga e’lon qilgan davlatlar ustidan uchib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Vengriya Rossiya prezidenti Vladimir Putinning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Budapeshtda o‘tkaziladigan sammitga bemalol kirishi va chiqishini kafolatlashini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Petr Siyyarto xabar berdi.
Vazirning ta’kidlashicha, Vengriya Rossiya rahbarini «hurmat bilan va hech qanday cheklovlarsiz» qabul qiladi. Bir kun oldin Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatish yo‘llarini muhokama qilish uchun Putin bilan uchrashuv o‘tkazishga kelishib olganini e’lon qilgandi. Kreml muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini tasdiqladi va aynan Amerika tomoni Budapeshtni muzokara maydoni sifatida taklif qilganini hamda Moskva bunga rozi bo‘lganini aytdi.
Bosh vazir Viktor Orban Putin va Trampni taklif qilish «Vengriyaning tinchlikka yo‘naltirilgan uch yillik izchil siyosati» natijasi ekanlini bildirdi. Uning aytishicha, Budapesht muvaffaqiyatli muzokaralar uchun barcha sharoitlarni taqdim etishga tayyor «tinchlik oroli»ga aylangan.
Biroq, Putinning tashrifi Yevropada keskin bahslarga va Moskvada xavotirlarga sabab bo‘ldi: agar yo‘lda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini kesib o‘tishga to‘g‘ri kelsa, Rossiya rahbari Budapeshtga qanday qilib to‘siqsiz yetib boradi?
Vengriya bahorda Rossiya prezidentini hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutidan chiqish jarayonini boshlagan edi. Bu qaror mamlakatni Putinni ushlab turish majburiyatidan ozod qiladi va uning tashrifini huquqiy jihatdan xavfsiz qiladi.
Ammo Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlarida vaziyat boshqacha: ularning aksariyati XJS a’zolari bo‘lib qolmoqda va orderlarni bajarishga majbur. Shunday qilib, Vengriya Putin hibsga olinish xavfisiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan yagona Yevropa davlatiga aylanadi.
Rossiya prezidentining Budapeshtga safari ham alohida rejalashtirish talab etadi. Sanksiyalar va Rossiya davlat samolyotlarining Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari ustidan parvozini taqiqlash tufayli yo‘nalish aylanma bo‘ladi. Putinning samolyoti Vengriyaga yetib borguncha ehtimol Bolgariya va Serbiya havo hududidan uchib o‘tadi.
Serbiya Gaaga sudi majburiyatlari bilan bog‘liq emas. Bolgariya esa, aksincha, Yevropa Ittifoqiga a’zo va Rim statutini imzolagan — shu sababli nazariy jihatdan Putin uning hududida bo‘lsa, uni hibsga olishi shart. Garchi bunday holat ehtimoli juda kam bo‘lsa-da, rasman aynan yo‘nalishning Bolgariya qismi eng xavfli hisoblanadi. Biroq, agar yevropaliklar Budapeshtdagi sammitda Ukrainada uzoq muddatli tinchlik uchun imkoniyat ko‘rsalar, istisno tariqasida Putinning samolyotini o‘tkazib yuborishlari mumkin.





