Logo

Qaysi hudud aholisi banklardan eng ko‘p qarz olgan?

Bugun 12:352 daqiqa

O‘zbekistonda banklardan olinayotgan kreditlar ham, banklarda saqlanayotgan aholi mablag‘lari — depozitlar ham ortib bormoqda. Bir yil ichida jami depozitlar 33,9 foizga, kreditlar esa 11,9 foizga o‘sgan.

Qaysi hudud aholisi banklardan eng ko‘p qarz olgan? © Sun'iy intelekt

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarning banklardagi kredit qoldig‘i 239,8 trln so‘mga yetgan. 2025-yil avgust oyida bu ko‘rsatkich 201,8 trln so‘mni tashkil etgan edi. Shu tariqa, aholining banklar oldidagi qarzi bir yilda 38 trln so‘mga oshgan.

Bank tizimidagi jami kredit qoldig‘i ham yillik hisobda 576,2 trln so‘mdan 644,6 trln so‘mga ko‘tarilgan. Ya’ni bir yilda kreditlar qoldig‘i 68,4 trln so‘mga oshgan.

Banklardagi jami depozitlar hajmi esa bir yil mobaynida 360,4 trln so‘mdan 482,7 trln so‘mga yetdi. Depozitlar 122,3 trln so‘mga o‘sgan.

Jismoniy shaxslarning depozitlari ham sezilarli ko‘paygan, O‘tgan yilda raqamlar 140,8 trln so‘m tashkil qilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatgich 185,2 trln so‘mga yetgan. Natijada aholining banklardagi mablag‘lari bir yilda 44,4 trln so‘mga ko‘paygan.

Jami kreditlar 11,9 foizga, depozitlar esa 33,9 foizga oshgan. Aholi kreditlari 18,8 foizga, jismoniy shaxslar depozitlari 31,5 foizga o‘sgan.

Kreditlar miqdori qaysi hududlarda ko‘p?

2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, jami kredit qoldig‘i Toshkent shahrida 292,8 trln, Farg‘onada 37,6 trln, Samarqandda 33,3 trln, Toshkent viloyatida 30,6 trln, Andijonda 30,3 trln so‘m va Qashqadaryoda 30,3 trln so‘mni qayd etgan.

Jismoniy shaxslarning kredit qoldiqlari esa Toshkent shahrida 70,9 trln, Samarqandda 17,8 trln, Farg‘onada 17,2 trln, Andijonda 15,7 trln so‘m va Qashqadaryoda 15,6 trln so‘mni tashkil etmoqda.

Qaysi hududlarda kreditlar foizi o‘sgan?

Bir yil ichida Sirdaryoda jami kredit qoldig‘i qariyb 15 trln so‘mdan 21 trln so‘mga yetgan. Bu deyarli 40 foiz o‘sish degani. Farg‘onada kreditlar 28,4 trln so‘mdan 37,6 trln so‘mga, Namanganda esa 19,3 trln so‘mdan 24,1 trln so‘mga yetgan. Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryoda ham kredit qoldig‘i deyarli oshgan.

Toshkent shahrida esa 286,4 trln so‘mdan 292,8 trln so‘mga ko‘paygan. Nominal o‘sish 6,4 trln so‘m.

Depozitlar foizi qaysi hududlarda ko‘p?

1-avgust holatiga ko‘ra, Toshkent shahri banklaridagi jami depozitlar 367,1 trln so‘mni tashkil etmoqda. Bu respublikadagi jami depozitlarning asosiy qismiga teng. Buxoroda depozitlar 9,2 trln so‘mdan 13,9 trln so‘mga, Samarqandda 10 trln so‘mdan 14,7 trln so‘mga, Surxondaryoda esa 4,7 trln so‘mdan 6,7 trln so‘mga oshgan.

Kredit va depozitlar nisbati

Hozirda bank tizimidagi jami kreditlarning 37,2 foizi jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 62,8 foizi esa yuridik shaxslar kreditlaridan iborat.

Bir yil ichida bank tizimidagi kreditlar va depozitlar hajmi oshgan. Jami depozitlar 33,9 foizga, kreditlar esa 11,9 foizga o‘sgan.

Kamron Hasanov

Teglar

Mavzuga oid