
Qurilishlarda o‘limga sabab bo‘lgan baxtsiz hodisalar keskin ortdi
Rasmiy ma’lumotlar O‘zbekistonda qurilish sohasida mehnat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

2025 yilda O‘zbekistonda qurilish sohasida mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 99 nafar ishchi halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan keskin oshgan bo‘lib, sohada xavfsizlik talablariga amal qilish darajasi yetarli emasligini ko‘rsatadi.
Taqqoslash uchun, 2024 yilda qurilish sohasida 204 ta mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisa qayd etilgan va ular oqibatida 71 nafar ishchi vafot etgan edi. Ya’ni, 2025 yilda nafaqat hodisalar soni, balki halok bo‘lgan ishchilar soni ham keskin ortgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ko‘ra, baxtsiz hodisalarning katta qismi ishchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlamaslik, doimiy texnik va ma’muriy nazoratning yo‘qligi hamda xavfli ish jarayonlarini yetarlicha baholamaslik oqibatida yuzaga kelgan.
Shuningdek, qurilish tashkilotlari rahbarlari tomonidan shaxsiy javobgarlikni yetarli darajada his qilmaslik ham muhim omil sifatida qayd etilmoqda. Ko‘plab hodisalar oldindan bashorat qilish va profilaktik choralar orqali oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar ekani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 248 nafar fuqaro halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.





