Radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi
Yangi qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilarni tashish va saqlash yagona davlat muassasasi orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi. Bu haqda 2026 yil 9-fevralda qabul qilingan 47-sonli Hukumat qarorida belgilab qo‘yilgan. Yangi tuzilma Yadro fizikasi instituti huzuridagi amaldagi radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida shakllantiriladi va sohada yagona xizmat ko‘rsatuvchi davlat muassasasiga aylanadi.
Markaz respublika hududida hosil bo‘ladigan barcha radioaktiv chiqindilarni maxsus avtotransport orqali tashish, qabul qilish, saralash va uzoq muddatli xavfsiz saqlash jarayonlarini markazlashtirilgan tartibda amalga oshiradi. Bu orqali chiqindilar bilan muomala qilish tizimini tizimlashtirish va xavfsizlik standartlarini kuchaytirish maqsad qilingan.
Qarorga muvofiq, ishlab chiqarilgan yoki mamlakatga olib kirilgan, ishlash muddati tugagan yoxud ishdan chiqqan radioaktiv manbalar bilan ishlash jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlash va saqlash markazning asosiy vazifasi etib belgilangan. Bu yo‘nalishda texnologik yondashuvlar va zamonaviy xavfsizlik talablari joriy etiladi.
Shu yildan boshlab radioaktiv chiqindilar bilan ishlash sohasida mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish choralari ko‘riladi. 2026–2027 yillarda markaz hududida rekonstruksiya va kapital ta’mir ishlari, yangi ma’muriy bino qurilishi, chiqindilarni saralash laboratoriyasi tashkil etish hamda hududni obodonlashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Markaz faoliyatida raqamlashtirish, axborot texnologiyalarini keng qo‘llash hamda tegishli davlat organlari bilan samarali ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalardan biri bo‘ladi.





