add

Rossiyada «Elektron kishan»: Endi har bir migrantning qadami «Amina» orqali kuzatiladi

Kecha 21:004842 daqiqa

Avval Moskvada tajriba tariqasida qo‘llangan «Amina» ilovasi endi butun Rossiya bo‘ylab migrantlarni kuzatadi.

Rossiyada «Elektron kishan»: Endi har bir migrantning qadami «Amina» orqali kuzatiladi

Rossiya hukumati mehnat migrantlari harakatini nazorat qilish maqsadida ishlab chiqilgan «Amina» mobil ilovasini mamlakatning barcha hududlarida qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqdagi xabarni Moskva meri Sergey Sobyanin e’lon qildi.

Qayd etilishicha, ilgari faqat Moskva shahri va viloyatida tajriba tariqasida ishlatilgan ushbu tizim endi butun Rossiya bo‘ylab kim kirib kelayotgani va qayerda yashayotganini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.

Moskva meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, «Amina» ilovasini boshqa hududlarga yoyish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingan.

«Kecha Xavfsizlik kengashining birinchi o‘rinbosari Medvedev rahbarligidagi komissiya bu masalalarni ko‘rib chiqdi va tajribani muvaffaqiyatli deb baholadi. Mamlakatimizning boshqa hududlariga va o‘tish dasturlariga uni joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu orqali mamlakatimizning butun chegarasi bo‘ylab kimlar kirayotgani, kimlar chiqayotgani va ular qanday odamlar ekanini ko‘rib turishimiz mumkin bo‘ladi», - dedi u.

Belgilangan tartibga ko‘ra, 2025 yilning 1 sentabridan boshlab Moskva shahri va viloyatida ishlayotgan mehnat migrantlari ushbu ilovani telefoniga o‘rnatishlari shart qilingan edi. Tizim geolokatsiya ma’lumotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yuborib turadi.

Yangi talablar Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari bilan bir qatorda Armaniston, Ozarboyjon va boshqa MDH davlatlaridan kelgan ishchilar uchun ham majburiy hisoblanadi. Hozircha ilovaning qolgan hududlarda to‘liq ishga tushish muddatlari bo‘yicha aniq sana ochiqlanmagan.

Teglar

Mavzuga oid