Logo

Rossiyadan O‘zbekistonga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqish taqiqlandi

Kecha 11:044 daqiqa

Farmonda ayrim istisnolar ham nazarda tutilgan. Qoidani buzgan fuqarolardan 1 mln rubldan ortiq summa, biznes subyektlaridan esa olib chiqilayotgan barcha naqd pul musodara qilinishi mumkin. Taqiq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari, shuningdek, Ozarboyjon va Tojikistonga ham taalluqli.

Rossiyadan O‘zbekistonga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqish taqiqlandi © Sun'iy intelekt

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyadan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) davlatlariga, shuningdek Ozarboyjon, Tojikiston va O‘zbekistonga 1 mln rubldan ortiq naqd pul olib chiqishni taqiqladi. YOII tarkibiga Rossiyadan tashqari Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston kiradi. Prezidentning tegishli farmoni huquqiy hujjatlarni rasmiy e’lon qilish portalida 29-sentabr kuni chop etildi.

Yangi cheklov ayrim holatlarga tatbiq etilmaydi. Jumladan, belgilangan xalqaro aeroportlar orqali naqd pul olib chiqish mumkin. Buning uchun pulning to‘liq summasi bank hisobvarag‘idan yechib olinganini tasdiqlovchi bank hujjatlari bo‘lishi kerak.

Shuningdek, xalqaro tashuvlar bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar hamda Rossiyaning xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari faoliyatini ta’minlash uchun olib chiqilayotgan mablag‘larga ham istisno qo‘llanadi. Bunda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining tegishli bildirishnomasi talab etiladi.

Qoidani buzgan jismoniy shaxslardan 1 mln rubldan ortiq olib chiqilayotgan summa musodara qilinishi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan esa olib chiqilayotgan barcha naqd pul musodara qilinishi belgilangan. Hukumat va Markaziy bank uch oy ichida Rossiya rublini xorijga olib chiqish holatlarini hisobga olish tartibini ishlab chiqishi kerak. Farmon 29-sentabrdan — imzolangan kundan boshlab kuchga kirgan.

Avvalroq prezidentning 193-sonli farmoni YOII davlatlariga 100 ming dollar ekvivalentidan ortiq miqdorda naqd rubl olib chiqishni taqiqlagan edi. Bunda summa Markaziy bank kursi bo‘yicha hisoblangan. Shuningdek, og‘irligi 100 gramm va undan ortiq bo‘lgan affinajdan o‘tkazilgan oltin quymalarini olib chiqish ham cheklangan edi. Ayrim holatlar bundan mustasno bo‘lgan.

Yangi taqiq tatbiq etilmaydigan davlatlarga naqd rublni belgilangan limitsiz olib chiqish mumkin edi. 10 ming dollardan ortiq naqd pul va yo‘l cheklarini olib chiqishda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi talab etiladi. 100 ming dollardan ortiq summa uchun esa mablag‘larning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlar kerak bo‘ladi.

Iyun oyidan boshlab YOII davlatlaridagi banklar Rossiya rublini naqd ko‘rinishida qabul qilish shartlarini ham kuchaytirgan. Belarusda kamida sakkizta bank bunday operatsiyalar uchun 2–5 foiz miqdorida komissiya belgilagan. Qozog‘istonning BSK bankida komissiya 5 foizni, Qirg‘izistondagi Ekoislamikbankda esa ayrim operatsiyalar uchun 5 foizni tashkil etgan. Armanistondagi ayrim banklar naqd rubl bilan ishlashni to‘liq to‘xtatgan.

Rossiya nashrlarining yozishicha, bunday o‘zgarishlarga Rossiyadan naqd rublning ko‘payib kirib kelayotgani sabab bo‘lgan. Belarus va Qozog‘iston banklari naqd rublning ortiqcha to‘planib qolayotgani, uni saqlash, inkassatsiya qilish va boshqa valutalarga ayirboshlash xarajatlari ortib borayotganini bildirgan.

RBK suhbatdoshlaridan biri Rossiya banklarida yirik operatsiyalar ustidan nazorat kuchaytirilganini naqd pul olib chiqish ko‘payishining omillaridan biri sifatida keltirgan. Ekspertlarning fikricha, ayrim rossiyaliklar naqd mablag‘larni joylashtirish uchun YOII davlatlarini qulay yo‘nalish sifatida tanlagan bo‘lishi mumkin. Biroq mahalliy banklar ham bunday operatsiyalarni xavfli deb baholamoqda.

Shu bilan birga, Rossiyada naqd pul muomalasini tartibga solish bo‘yicha choralar ham kuchaytirilmoqda. 2025-yilning oxirida hukumat iqtisodiyotdagi naqd pul hajmini qisqartirish vazifasini belgilagan. May oyida Markaziy bank banklarga yirik miqdordagi naqd pullarni hisobvaraqqa kiritish operatsiyalarini diqqat bilan tekshirishni tavsiya qilgan. Aprel oyidan esa ayrim istisnolar bilan YOII davlatlariga 100 ming dollar ekvivalentidan ortiq naqd pul olib chiqish cheklangan edi.

Qolaversa, Rossiya rublining qancha miqdori mamlakatdan olib chiqilayotganini aniq hisoblash qiyin. Chunki Rossiya Federal bojxona xizmati YOII davlatlari bilan bunday operatsiyalar bo‘yicha bojxona va statistik hisob yuritmaydi. Markaziy bankda ta’kidlanishicha, naqd pul olib chiqish doim mavjud bo‘lgan, ammo fuqarolarning shaxsiy mablag‘lari va mehnat migrantlarining pullarini ham o‘z ichiga olgan turli oqimlarni alohida hisoblash qiyin.

Sentyabr boshida Rossiya moliya vaziri o‘rinbosari Aleksey Moiseyev Rossiya naqd rubllarining YOII davlatlari banklariga chiqib ketishi kuzatilmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bunday pullarni olib chiqishga urinishlarni aniqlash va to‘xtatishda samarali ishlagan. Ayrim holatlarda pullar Rossiyadan olib chiqilmasdan ortga qaytarilgan, ayrim holatlarda esa naqd mablag‘lar musodara qilingan.

Moiseyev shuningdek, YOII davlatlaridagi mavjud naqd rubllarning «utilizatsiyasi» bilan bog‘liq jarayonni ham tilga olgan. Uning ta’kidlashicha, moliyaviy tashkilotlar tomonidan joriy etilgan komissiyalar, jumladan, markaziy banklar tomonidan tartibga solish qoidalarining o‘zgarishi bilan bog‘liq.

Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan avgust oyi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni hisobga olganda, mamlakatda muomaladagi naqd pul hajmi taxminan 2,5 trln rublga oshgan. Faqat iyul va avgust oylarining o‘zida o‘sish 1 trln rubldan ziyod bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid