
Rossiyaga qatnaydigan haydovchilarga eslatma, yangi aeroportga metro va Toshkent ko‘chalaridagi shoqol — 20 oktyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkent markazida shoqol yurgani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning markaziy hududlaridan biri Darxonda chiyabo‘ri paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda. «Animal life in Uzbekistan» Telegram-kanali foydalanuvchilar shahar ko‘chalarida bir necha kundan beri mazkur yovvoyi hayvonga tez-tez duch kelayotganini yozgan.
Qayd etilishicha, shoqol odamlarga nisbatan tajovuzkor emas, o‘zini xotirjam tutmoqda va chamasi ovqat izlayapti, ba’zan mushuklarni ovlayotgani kuzatilmoqda. «Animal life in Uzbekistan» kanali shoqolning paydo bo‘lishi daydi itlarning ommaviy yo‘q qilinishi bilan bog‘liq ekanini taxmin qilgan.
O‘zbekistonlik haydovchilar Rossiyada bir yilda 90 kundan ortiq qololmasligi eslatildi
O‘zbekiston Migratsiya agentligi Rossiyada yuk tashish bilan shug‘ullanayotgan haydovchilarga migratsiya qoidalariga rioya etishni eslatdi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolar Rossiya hududida bir kalendar yilda 90 kundan ortiq qolmasligi lozim. Bu qoidani buzganlar deportatsiya qilinishi va 3 yildan 10 yilgacha kirish taqiqiga duch kelishi mumkin.
Haydovchilar chegaradan o‘tishda migratsiya kartasini to‘g‘ri to‘ldirishi, safar maqsadini “xizmat” yoki “tranzit” sifatida ko‘rsatishi shart. Shuningdek, Rossiyaga kirgandan keyin 15 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Migratsiya agentligi muammoga duch kelgan fuqarolarga Moskvadagi vakolatxona bilan bog‘lanishni tavsiya etdi.
O‘zbekiston Saudiya bilan 4 mlrd dollarlik kelishuvlarni imzoladi
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni 4 milliard dollarlik 10 ta yangi kelishuvni imzoladi. Loyihalar energetika, axborot texnologiyalari, turizm va infratuzilma sohalarini qamrab oladi. Shu bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi umumiy investitsiya portfeli 30 milliard dollarga yetdi. Saudiya kompaniyalari bilan barqaror aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish, shamol va quyosh energetikasi loyihalari, elektr va issiqlik energiyasi shartnomalari imzolandi.
Samarqandda InterHealth tibbiy loyihasi bo‘yicha kelishuv tuzilib, onkologiya markazlariga xususiy boshqaruv tizimi joriy etiladi. Shuningdek, Riyadh Cables kompaniyasi bilan yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi. Joriy yilda Saudiya kapitali ishtirokidagi 56 ta loyiha amalga oshirilmoqda, ularning umumiy qiymati 27 milliard dollardan ortiq.
Markaziy Osiyodagi eng katta aeroportga metro liniyasi tortiladi
Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metropoliten liniyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 15 oktabr kuni loyiha bilan tanishish davomida ma’lum qildi, deya xabar berildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida.
Qayd etilishicha, aeroport Toshkent va Yangi Toshkent tutashgan joyda joylashgan bo‘lib, unga eng ko‘pi bilan 25 daqiqada yetib borish mumkin, masofa 24 kilometrni tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi aeroport qurilishi va havo parkini 105 tadan 180 tagacha oshirish O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga 770 mln dollar daromad keltiradi.
«Tanlagan joyimiz xavfsizlik, uchish va qo‘nish nuqtai nazaridan eng mo‘’tadil joy. Bu Toshkent va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha — ko‘pi bilan 25 daqiqada yetib borish mumkin, oraliq — 24 km. Lekin, shattl qo‘yamiz, xudo xohlasa, metro qo‘yamiz. Hammasini hamohang, biz kutganimiz kabi amalga oshiramiz», — degan prezident.
O‘zbekiston Xitoyga $630 mlnlik gaz yetkazib berdi
O‘zbekiston joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida Xitoyga taxminan 630 million dollarlik tabiiy gaz sotdi. Xitoy bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat quvur orqali gaz yetkazib beruvchi davlatlar ichida beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Eng yirik yetkazib beruvchi Rossiya bo‘lib, u 9 oyda 7,29 milliard dollarlik gaz eksport qilgan.
Undan keyin Turkmaniston (6,46 mlrd), Myanma (1,18 mlrd) va Qozog‘iston (854,7 mln dollar) joylashgan.
Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, gaz qazib olish hajmi pasayib borayotganiga qaramay, O‘zbekiston gaz eksportini oshirishda davom etmoqda. Mutaxassislar bu holatni ichki ehtiyojlar va qo‘shilgan qiymat afzalliklarini inobatga olmagan siyosat deb baholamoqda. Ularga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti o‘sib borayotgan sharoitda gaz eksportini cheklash va qayta ishlashni kengaytirish maqsadga muvofiq.





