Sadir Japarov: «Biz do‘st bo‘lib qolamiz, ammo Tashiyev davlat xizmatiga qaytmaydi»

16.02.2026 | 16:352 daqiqa

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Kamchibek Tashiyevning davlat xizmatiga qaytmasligini rasman ma’lum qildi.

Sadir Japarov: «Biz do‘st bo‘lib qolamiz, ammo Tashiyev davlat xizmatiga qaytmaydi»

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Kamchibek Tashiyev bilan o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar saqlanib qolgani, ammo kadrlar bo‘yicha qaror yakuniy va o‘zgarmasligini bildirdi.

Japarov Tashiyev lavozimdan ketganidan so‘ng, u bilan shaxsan uchrashgan

«Biz do‘st bo‘lib qolamiz. Ammo u davlat xizmatiga qaytmaydi. U dam olishi va sog‘lig‘ini tiklashi kerak. Atrofini tozalasin, «oqsoqollar va ko‘ksoqollar»dan xalos bo‘lsin.

Tergov xizmatlari hammasini aniqlab, tozalab beradi. Albatta, hozir u rahmat demaydi, xafa bo‘ladi. Ammo yillar o‘tib, «Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan», deb minnatdorlik bildiradi», — dedi prezident. Shu bilan birga, u bu qaror hech qanday tashqi bosim yoki kelishuvlar bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, barcha kadrlar bo‘yicha qarorlar mustaqil qabul qilingan. U huquqni muhofaza qilish tizimida boshlangan islohotlar izchil davom ettirilishini bildirdi. Davlat rahbari mamlakatda siyosiy beqarorlik yoki navbatdan tashqari saylovlar uchun asos yo‘qligini qayd etdi.

Tashiyev tayinlagan vazirlar va uning yaqinlarini ishdan bo‘shatish sabablari

Prezident Tashiyev tayinlagan vazirlar va uning yaqinlarini ishdan bo‘shatish boshlagani, ba’zilari esa o‘z xohishiga ko‘ra ketayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

«Hammaga xotirjam ishlashni aytdim. O‘z xohishi bilan ketayotganlar — marhamat. Barcha vazirliklarni o‘g‘rilik fakti bo‘yicha tekshiryapmiz, topilsa, jazoga tortiladi. Men har doim vazirlarni qarindoshlar va do‘stlarni ishga olmang, deb ogohlantirganman. Yaqinlarimdan hech biri yuqori davlat lavozimini egallamagan», dedi u.

Japarov davlat boshqaruvi kuch bilan emas, aql bilan amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatda davlat tuzilmalari faoliyati shaxsan nazorat qilinadi va yuzaga kelayotgan muammolarga tezkor chora ko‘rilmoqda.

Prezident barcha islohotlar qonun doirasida amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar asossiz bo‘lib, mamlakatda barqarorlik saqlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid