
Serjio Gor Toshkentda: u Saida Mirziyoyeva bilan uchrashdi
Toshkentda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashining birinchi ochilish yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi, elchi Serjio Gor O‘zbekistonga keldi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.
Serjio Gor Toshkentga tashrif buyurib, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan uchrashdi. Boshqa ko‘plab mavzular qatorida ular ikki davlat o‘rtasida tijorat diplomatiyasini kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashining birinchi ochilish yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
O‘tgan yil noyabrda Serjio Gor va Saida Mirziyoyeva yangi tashkil etilgan AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraislari etib tayinlangan.
Gorning Markaziy Osiyoga tashrifi
AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi, elchi Serjio Gor 3-7-fevral kunlari O‘zbekiston va Qirg‘izistonda bo‘ldi. Bishkekda elchi Gor «B5+1» Biznes forumida ishtirok etdi, unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan (C5 davlatlari) hamda AQSHdan yuqori darajali biznes rahbarlari va siyosatchilar bilan muloqot olib bordi.
«Men sizlarga prezident Donald Tramp nomidan oddiy xabarni yetkazmoqchiman: Qo‘shma Shtatlar hamkorlik qilishni istaydi va mintaqani tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaydi», – dedi Gor Bishkekda.
Elchining ta’kidlashicha, Tramp rahbarligida Vashington avvalgi kamchiliklarni bartaraf etishga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH texnologiyalar, sarmoya va imkoniyatlar nuqtai nazaridan mintaqaviy sheriklar uchun muhim hamkor bo‘la oladi va bu o‘zaro manfaatli jarayondir.
Serjio Gor 2025 yilda Oq uyda o‘tkazilgan «C5+1» formatidagi sammitni bu siyosatning amaliy ifodasi sifatida baholadi. Ushbu tashabbus bevosita Oval kabinetdan qo‘llab-quvvatlanayotganini va kelgusida ham AQSH tashqi siyosatining diqqat markazida qolishini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, elchi Bishkekda o‘tkaziladigan «B5+1» biznes forumiga ham to‘xtaldi.
«Men forumda ishtirok etayotgan kompaniyalar ro‘yxatini ko‘rib chiqdim va xolisona aytishim mumkinki, bu mintaqaga tashrif buyurgan kompaniyalarning eng keng qamrovli ro‘yxatidir. Kelgusi oylar va yillarda aynan shundan foydalanib ish olib boramiz. Bu hali boshlanishi, xolos», – dedi Serjio Gor.
Birinchi tashrif emas
Serjio Gor o‘tgan yil oktabr oyida O‘zbekistonga kelgandi. O‘shanda u prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida ham bo‘lgan va unga AQSH prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazgan.
Qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlangan. Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qilgan. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Noyabrda Vashington shahrida «S5+1» formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Serjio Gor kim?
Serjio Gor 1986 yil 30-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan.
«Times of Malta» va «OCCRP» aniqlashicha, u aslida Serxio Goroxovskiy nomi bilan 1986 yil 30-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan ekan. Bu ma’lumot jurnalistlar qo‘liga tushgan Gorning Maltadagi ko‘chmas mulki hujjatlarida keltirilgan. Amaldorning advokati Robert Garson o‘z mijozining Toshkentda tug‘ilganligini tasdiqlagan. Gor bolaligida Maltada kamida besh yil yashagan. Xususan, u 1996 yildan 1999 yilgacha Vittorioza shahridagi o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan katolik maktabida ta’lim olgan. Keyinchalik (aniq vaqti ko‘rsatilmagan) Gorning oilasi AQSHga ko‘chib o‘tgan va u yerda fuqarolik olgan. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Gor Tramp ma’muriyatida ishlashidan avval Rossiyaga ikki marta tashrif buyurgan ekan. 2017 yilda u Vashingtondan Moskvaga uchib kelgan, Rossiya poytaxtida bir kun bo‘lib, ertasi kuni Rimga jo‘nab ketgan. 2018 yilda esa, o‘sha paytda respublikachi senator Rend Pol bilan hamkorlik qilayotgan Gor, Amerika libertarian tahlil markazi hisoblangan Katon instituti moliyalashtirgan tadbir doirasida Moskvaga tashrif buyurgan. Bu tashrif «Rossiya va AQSH bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish, muhokama qilish va tahlil etish uchun faktlarni aniqlash safari» deb nomlangan. Gorning advokati uning Moskvaga safarlarini amaldorning «sayyohlikka ishqibozligi» bilan izohladi. Gorning 2017 yildagi Rossiya poytaxtiga tashrifini esa u «tranzit parvoz» deb atadi.
«Axios» nashri Serxio Gorni Oq uydagi Trampning eng ta’sirli maslahatchilaridan biri sifatida ta’riflagan. Gor AQSH prezidentining o‘g‘li kichik Donald Tramp bilan hamkorlikda Tramp va uning hamfikrlarining kitoblarini nashr etuvchi «Winning Team Publishing» nashriyotini tashkil etgan. 2020 yilda Gor Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ to‘plashga mas’ul bo‘lgan, 2024 yilda esa hozirgi AQSH prezidenti kampaniyasiga deyarli 72 million dollar sarflagan Siyosiy harakatlar qo‘mitasini tuzgan. Oq uyda kadrlar bo‘yicha direktor lavozimini egallagach, Gor Tramp ma’muriyati xodimlarining sodiqligini tekshirish tizimini joriy etgan.
Keyinchalik Tramp uni AQSHning Hindistondagi elchisi va Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil etib tayinladi.





