Shavkat Mirziyoyev Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidentini taqdirladi
O‘z navbatida Cho Chung Von ham O‘zbekiston rahbariga federatsiya tomonidan ta’sis etilgan oliy shaxsiy mukofotni topshirdi.
© Foto: president.uzO‘zbekistonPrezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15-aprel kuni yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi.
«Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda taekvondo bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni deyarli ikki baravarga oshib, 35 ming nafarga yetdi. Vakillarimiz Parijdagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ushbu sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi», - deya eslatgan O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Cho Chung Von O‘zbekistonda sportni jadal rivojlantirish, yoshlar orasida jismoniy tarbiyani targ‘ib etish, zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholagan.
Suhbat tafsilotlari
Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, professional sportchilar va hakamlarni tayyorlash, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, sport tibbiyoti borasida ilg‘or tajribalarni almashish va nufuzli xalqaro musobaqalarni O‘zbekistonda muntazam o‘tkazish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti mamlakatda taekvondoni ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, sport orqali jahon xalqlarining o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun Cho Chung Vonni davlatning yuksak mukofoti – «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagan.
Cho Chung Von, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevga sportni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Butunjahon taekvondo federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan oliy shaxsiy mukofot – Shon-sharaf ordenini topshirdi.
«Ushbu orden ilk bor aynan davlatimiz rahbariga taqdim etilgani, bu yurtimizda sportni, xususan, taekvondoni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolat berishi ta’kidlandi», - deyiladi xabarda.





