
Shavkat Mirziyoyev: «O‘zbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obro‘siga putur yetkazyapti»
Prezident chet davlatlarda O‘zbekiston fuqarolari uyushgan guruhlar tuzib, tovlamachilik, zo‘ravonlik, tadbirkorlikka raxna solish bilan shug‘ullanayotgani haqida gapirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-yanvar kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida chet elga borib olib, uyushgan jinoiy guruhlar tashkil qilgan, u yerda O‘zbekiston fuqarolarini ham talayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yishdagi sustkashliklarni tanqid qildi.
«Eng yomoni — chet davlatlarda ham o‘zimizning fuqarolar uyushgan guruhlar tuzib, yurtimizdan borganlarga nisbatan tovlamachilik, zo‘ravonlik, tadbirkorligiga raxna solish bilan shug‘ullanyapti. O‘zbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obro‘siga putur yetkazyapti», — dedi davlat rahbari.
Bundan tashqari, ilgari faqat «ko‘cha» deb ko‘rilgan uyushgan jinoyatchilik bugun “biznes niqobi” ostida daromadli sohalarga kirib borayotgani qayd etildi. Ayniqsa, jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar va avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, “Haj” va “Umra” ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygan. Shaharda xonadon sotish masalasida 3 mingdan ziyod fuqaroga 1,3 trillion so‘m zarar yetkazilgan. Mas’ullar aholining firibgarlar qopqoniga tushib qolmasligi uchun huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning aprel oyida Birlashgan Arab Amirliklari hududida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarolariga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.





