Logo

Shavkat Umurzoqov: Toshkent  ikki yilda eng xavfsiz shahar bo‘ladi

Bugun 11:152 daqiqa

Poytaxt hokimiga ko‘ra, Olmazor, Uchtepa va Chilonzor tumanlarida so‘nggi yillarda jinoyatchilik keskin kamaygan va poytaxt yaqin bir-ikki yil ichida «Eng xavfsiz va eng raqamlashgan shahar»ga aylanadi.

Shavkat Umurzoqov: Toshkent  ikki yilda eng xavfsiz shahar bo‘ladi © Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan «Axborot, hisobot, muloqot» uchrashuvida Uchtepa tumanini ko‘zdan kechirdi.  VAQT.UZ muxbiri muloqot davomida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovdan nima uchun Olmazor, Uchtepa va Chilonzor tumanlari hali ham jinoyatchilik hamda aholi murojaatlari eng ko‘p kuzatiladigan hududlar qatorida qolib kelayotgani haqida so‘radi.

Ushbu savolga javoban shahar hokimi o‘zgarishlar allaqachon boshlanganini, mazkur hududlarning maydoni va aholi soni kattaligi, shuningdek, avvalgi yillarda iqtisodiy imkoniyatlar cheklangani ayrim loyihalarni amalga oshirishga ta’sir qilganini aytdi.

«Yo‘q, o‘zgarish bo‘lyapti, Xudoga shukr. Bu  yerda aholi ko‘p, muammo ham shunga yarasha. Nimadir loyiha amalga oshirishga, bu yerda yer, yoki moliyaviy ahvoli oldin yaxshimas edi. To‘g‘risini aytaman. Mana endi, hamma hokimlar bu yildan biznes reja asosida ishlashni yo‘lga qo‘ydi. Ya’ni muammoni aniqlaydi, qancha mablag‘ kerakligini hisoblaydi, keyin shu mablag‘ni qayerdan topishini deputatlardan va mendan tasdiqlatadi. Keyin ish rejasiga qo‘yib qiladi. Bu yilgi reja dekabr oyi oxirida tasdiqlandi. Xudo xohlasa, keyingi yil rejasi, mana hokimlar bilan kelishib olganmiz, oktabr, noyabr oylarida tasdiqlanib bo‘ladi. Siz aytayotgan masalani aytadigan bo‘lsak, aytilgan uchta hududda ham jinoyatchilik keskin kamaygan. Keyingi safar endi Chilonzorga olib boraman va Chilonzorda raqamlashgan va xavfsizlik darajasini qanday qilib yo‘lga qo‘yganimizni, viloyatlardan kelganlar bilan, ijarada turganlar bilan qanday ishlayotganimizni va mahallalarda narkotik yoki boshqa turli sohadagi jinoyatlar bilan qanday kurashayotganimizni hamda bularni aholiga qanday yetkazib berayotganimizni ham ko‘rsatib beramiz. Biz, Xudo xohlasa, ishoninglar, bir-ikki yilda eng xavfsiz va eng raqamlashgan shahar bo‘lamiz. Har bir jinoyatchi jinoyat qilishidan oldin o‘n marta o‘ylaydi. Chunki uni ko‘rib, bilib turgan bo‘lamiz», – dedi Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov.

Teglar

Mavzuga oid