
Singapurdagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
24.09.2025 | 20:208354
Singapurdagi elchixona o‘sha yerdagi O‘zbekiston fuqarolarini og‘ir jarima va jazolardan saqlanishi uchun ogohlantirdi.

Joriy yilning 1 sentyabridan boshlab Singapurda tamaki mahsulotlarini qizdiruvchi qurilmalar (IQOS va boshqalar) hamda elektron sigaretalar (veyplar), ayniqsa, “K-pods” turidagi va tarkibida etomidat mavjud bo‘lgan veyplarga qarshi yanada qat’iy qonunchilik choralari kuchga kirgan. Mazkur choralar ortidan Singapurdagi elchixona ushbu mamlakatdagi O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, Singapurda veyplar va shunga o‘xshash qurilmalarni olib kirish, sotish, saqlash va foydalanish mutlaqo taqiqlanadi.
- Saqlash yoki chekish uchun – 2 000 singapur dollarigacha jarima.
- Sotish yoki olib kirish uchun – 10 000 singapur dollarigacha jarima va/yoki 6 oygacha qamoq (takroriy hollarda – 20 000 singapur dollarigacha va/yoki 12 oygacha qamoq). Takroriy hollarda majburiy reabilitatsiya va keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin.
Singapur «K-pods» turidagi veyplarni giyohvand moddalar bilan bog‘liq qurilma sifatida baholaydi, etomidat esa rasmiy ravishda S sinfdagi giyohvand moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
- Saqlash yoki iste’mol qilish uchun – majburiy kuzatuv va reabilitatsiya dasturi;
- takroriy hollarda jinoiy javobgarlik.
- kontrabanda uchun – 3 yildan 20 yilgacha qamoq va 5 tadan 15 tagacha qamchin jazosi.
- sotish va tarqatish uchun – 2 yildan 10 yilgacha qamoq va 2 tadan 5 tagacha qamchin jazosi.
Qonun Singapur fuqarolariga ham, xorijliklarga ham, shu jumladan talabalar va ish vizasi egalariga ham birdek tatbiq etiladi. Qonun buzilishi quyidagilarga olib kelishi mumkin:
- qo‘lga olinish va ozodlikdan mahrum etilish;
- katta miqdordagi jarimalar;
- deportatsiya va mamlakatga qayta kirish huquqidan mahrum bo‘lish.
«O‘zbekiston fuqarolariga elektron sigaretalar yoki shunga o‘xshash qurilmalarni Singapurga olib kirish va ulardan foydalanishdan qat’iy ravishda voz kechish tavsiya etiladi. Qonun-qoidalarga rioya qilish – bu mamlakatda xavfsiz va osuda bo‘lib turishingizning kafolatidir», - deyiladi xabarda.





