
«Siz oilalarni yo‘q qilayapsiz». Rossiya siyosiy mahbuslarining rafiqalari Kremlni erlarini ozod qilishga chaqirdi
Rossiyada siyosiy sabablar bilan qamoqqa olingan shaxslarning rafiqalari mamlakat rahbariyatiga ochiq murojaat bilan chiqdi.

Rossiya siyosiy mahbuslarining xotinlari mamlakat hokimiyatidan o‘z erlarini ozod qilishni talab qildi. Ularning murojaati matni «Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial» loyihasi tomonidan e’lon qilindi.
«Biz — Rossiya siyosiy mahbuslarining ayollarimiz. Erlarimiz o‘z pozitsiyasi, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarga rozi bo‘lmagani uchun soxta ishlar asosida uzoq muddatlarga hukm qilingan. Ulardan ko‘pchiligi tan olish ko‘rsatmalari berishga majburlash uchun shafqatsiz tarzda qiynoqqa solingan. «Memorial» erlarimizga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini o‘rganib chiqdi va ular aynan siyosiy sabablar bilan ta’qib qilinayotganini tan oldi», - degan ayollar o‘z murojaatida.
Murojaat mualliflari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinch muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashlarini, shuningdek «delegatsiyalar siyosiy mahbuslarga amnistiya masalasini muhokama qilayotganidan xursand ekanini» bildirishdi. Biroq siyosiy mahbuslarning rafiqalari erlari uchun «bu dunyoda joy qolmasligidan» qo‘rqishlarini ta’kidlashdi.
«Boshqa davlatlar bilan tinchlik muhim, ammo o‘z fuqarolaring bilan tinchlik — mamlakat ichidagi tinchlik ham shunchalik muhim», — deyiladi murojaatda.
Bittamiz qamalsa, butun oila qamalgan bo‘ladi
Siyosiy mahbuslar xotinlarining fikricha, Rossiya hokimiyati oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qiladi, ammo uning «amaliy harakatlari bayonotlar bilan haqiqiy niyatlar o‘rtasidagi keskin farqni ko‘rsatadi».
«Oilaviy qadriyatlar sizlarni faqat balandparvoz nutqlar va bayonotlardagina tashvishga soladi, amalda esa siz aynan shu qadriyatlarni saqlab kelayotgan Rossiya oilalarini — oila o‘choqlarini yo‘q qilayapsiz. Lekin siz ularni yo‘q qila olmaysiz. Biz faqat onalar yoki bolalar, yoki qon-qarindoshlar emasmiz. Biz — har kuni ixtiyoriy ravishda olovga kirayotgan, allaqachon singan bo‘lishi kerak, ammo sinamagan odamlarmiz, chunki muhabbat har qanday qamoqdan kuchliroq. Bizning bolalarimiz — bu mamlakatning kelajagi. Bizning erlarimiz — uning xalqi. Biz esa o‘sha Vatanmizki, siz uni himoya qilishingiz kerak edi… Bittamiz qamalsa, butun oila qamalgan bo‘ladi», - degan ayollar.
Murojaat mualliflari Rossiya hokimiyatini erlarini rasmiy asoslarda — amnistiya va afv etish doirasida yoki almashinuv orqali ozod qilishga chaqirishdi. Ularning aytishicha, ular «qonunsiz jinoiy ta’qib va biz boshdan kechirgan azob-uqubatlar uchun» kompensatsiya talab qilishdan voz kechishga tayyor.
«Faqat erlarimizni bizga qaytaring», - dedi siyosiy mahbuslar xotinlari.
Shuningdek, ular 29-yanvar kunini Siyosiy mahbus xotini kuni deb e’lon qilishdi va ijtimoiy tarmoqlarda fleshmob boshlashdi.
«Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial» ro‘yxati
Hozirgi vaqtda «Memorial» huquqni himoya qilish markazi va «Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial» loyihasi ro‘yxatida 931 nafar siyosiy mahbus bor.
Bu ro‘yxatga huquq himoyachilari haqiqiy ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, hukm kuchga kirgunga qadar hibsda yoki uy qamog‘ida saqlanayotgan shaxslarni kiritgan. Ular orasida 727 kishi borki, ular antivoyen pozitsiyasi uchun ozodlikdan mahrum qilingan.
Ro‘yxatga Rossiyada diniy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinayotgan odamlar kiritilmagan. Ular uchun faollar alohida ro‘yxat yuritmoqda, unda 466 nafar shaxs bor.
Shu bilan birga, huquq himoyachilari ushbu ro‘yxatlar to‘liq emasligini va siyosiy mahbuslarning haqiqiy soni bundan ancha ko‘p ekanini ta’kidlamoqda.





