
Tappi, chalma g‘amlashga da’vat qilinganlar, Jahon banki bergan 800 mln dollar kredit va o‘g‘li bilan rasmiy safar qilgan Saida Mirziyoyeva — 16 oktyabr dayjesti
16.10.2025 | 22:3040874
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yagona namunadagi elektron guvohnoma namunasi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga ko‘ra, haydovchilik kurslarini tugatib, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlarga endi yagona namunadagi elektron guvohnoma beriladi. Ushbu guvohnoma “e-avtota’lim.uz” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyada ishlaydi.
Elektron guvohnoma avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasini olish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlariga real vaqt rejimida taqdim etiladi. Eng muhimi, bu guvohnoma uchun hech qanday yig‘im undirilmaydi.
O‘zbekiston Jahon bankidan 800 mln dollar kredit oladi
Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratdi. Mablag‘lar uzoq muddatli, past foizli shartlarda taqdim etilib, ijtimoiy himoya, ayollar uchun teng imkoniyatlar, davlat korxonalarini isloh qilish va qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Loyiha doirasida kam ta’minlangan oilalarga yordam miqdori oshiriladi, ayollar mehnat huquqlarini himoya qiluvchi qonunlar kuchaytiriladi, davlat korxonalarini xususiylashtirish, energiya samaradorligini oshirish va JSTga a’zo bo‘lish jarayonlari jadallashtiriladi. Bu kredit orqali hukumat ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on hokimi odamlarni paxta terib, qishga tappi-tezak g‘amlashga chaqirdi
Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov hozir O‘zbekistonda odamlar tezak qilmay qo‘ygani, hamma «gaz-gaz» deb qolganini aytib, odamlarni paxta terishga, tappi qilishga da’vat etish kerakligini aytdi. U bu haqda mahalliy kengash sessiyasidagi nutqida so‘z ochdi.
«Mana oddiy bir tezak. Hech kim tezak qilmaydi. Tezak qilib, uylarda chalmalarni bosib qo‘yib, qishda qor yog‘ganda ikkita tashlab qo‘yib o‘tirgan-ku shu narsani. Nima endi faqat gaz, gaz deb qoldik? Gazni ham to‘g‘ri tushuning, sizlar mana shu tumanning oliy organi bo‘lganlaringiz uchun aytyapman, gazning tagi bo‘lsa qani, tagi yo‘q-da, shu», — dedi Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov.
Shuningdek, hokim paxta terimi mavsumida odamlar paxta terib, oilaviy daromad topib, turmush sharoitini yaxshilash imkoniga ega ekanini ta’kidladi.
«Masalan, hozir mana paxta yig‘im-terimi bo‘lyapti. [Avvallari] uch kun paxta terib, bir xalta unning pulini ishlagan. Uch kun, to‘rt kun paxta terib, bir xalta un [olishgan]. Qarang, hozirgi zamonni, bugun 100 kilo paxta tersa, uning puli 100 ming, 200 ming so‘m bo‘ladi. Bir kunda bir xalta un. Bir kishi o‘n kun tersa, agar oilasi bilan tersa, bir kunda besh-olti xalta unni ishlaydi», — deya odamlarni paxta terishga undadi Qumqo‘rg‘on hokimi.
Saida Mirziyoyeva Britaniyaga to‘ng‘ich farzandini ham olib bordi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi, Prezident administratsiyasining rahbari Saida Mirziyoyevaning Buyuk Britaniyaga qilgan rasmiy safarida unga o‘g‘li Miromon hamrohlik qilmoqda. Bu Saida Mirziyoyevaning Oksford universitetiga qilgan tashrifidan ulashgan suratlarida aks etgan.
Prezident administratsiyasining rahbarining ta’kidlashicha, Oksford universitetining «Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari» fakultetida endilikda o‘zbek va eski o‘zbek tillari o‘rganiladi.
«Universitetdan Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlarning e’tirofi sifatida mukofot qabul qilganimdan xursandman», – deya yozgan u.
O‘zbekistonda besh davlat ishtirokida «Birlik – 2025» yirik harbiy o‘quv mashg‘uloti boshlandi
14 oktyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan «Kattaqo‘rg‘on» poligonida «Birlik – 2025» deb nomlangan mintaqaviy birgalikdagi harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi. Bu — Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon ishtirokidagi eng yirik hamkorlik o‘quvlaridan biri hisoblanadi.
O‘quvda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarboyjon mudofaa vazirliklari bo‘linmalari qatnashmoqda. Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotning asosiy maqsadi mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, harbiy hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy xavf-xatarlarga javob berish salohiyatini oshirishdir.
Ta’kidlanishicha, mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar zamonaviy jangovar tajribaga asoslangan holda qo‘shma operatsiyalar o‘tkazishni o‘rganadi. Ular artilleriya, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli texnika va boshqa qurol turlaridan foydalanib, uzoq masofadagi nishonlarni aniq yo‘q qilish amaliyotini sinab ko‘radi. Bu orqali ishtirokchi armiyalar taktik hamkorlik va jang maydonidagi muvofiqlikni takomillashtiradi.





