
Toshkentda elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun 28 rahbar javobgarlikka tortildi
26.07.2025 | 12:3039664
Iyul oyida Toshkentda kuzatilgan keng ko‘lamli elektr uzilishlari Bosh prokuratura tomonidan o‘rganildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, tizimdagi jiddiy kamchiliklar va yetishmovchiliklar aniqlanib, 28 nafar rahbar va mas’ul shaxs intizomiy jazoga tortildi. Hukumat favqulodda choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi.
24–25 iyulkunlari Toshkent shaharsidagi turli tumanlarda elektr ta’minoti bilan bog‘liq bir qator avariyalar va kuchlanish tushishi kuzatildi. Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan mutaxassislar ishtirokida o‘rganilib, tizimdagi jiddiy muammolar aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda poytaxtda 823 mingdan ziyod elektr iste’molchisi mavjud bo‘lib, bu sohaga yuklamani keskin oshirgan. Oxirgi uch yilda iste’mol miqdori yillik 9 foizga oshgan. Biroq, mavjud infratuzilma bu o‘sishga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, 1154-raqamli CALL-markazda faqat 5 nafar operator faoliyat yuritgan, bu esa iste’molchilar murojaatlari uchun 60–70 ta navbat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik, qo‘shimcha 10 operator ishga jalb etildi. Shuningdek, avariyalar va cheklovlar haqida iste’molchilarni vaqtida ogohlantirish tizimi ham samarasiz ekani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv natijasida «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MCHJ boshlig‘i va 27 nafar tuman rahbarlari, muhandislar hamda dispetcherlik xizmatchilari intizomiy javobgarlikka tortildi. Shu bilan birga, har bir tumanda avariya-dispetcherlik xizmatlariga prokuratura xodimlari biriktirildi va ommaviy axborot kanallari orqali tezkor ogohlantirish tizimi joriy qilindi.
Shuningdek, avariya holatlarini bartaraf etish uchun mavjud resurslar yetarli emasligi ma’lum qilindi. 78 ta avariya brigadasi, 34 ta maxsus avtotransport va 11 ta laboratoriya mashinasi hududdagi yuklamaga javob bera olmayapti. Xodimlarning 30 foizi ish haqi kamligi sababli tizimdan ketgan.
Aniqlanishicha, muammolarni hal etish uchun 26 ta qo‘shimcha shtatga, 10 ta zamonaviy laboratoriya mashinasiga ehtiyoj mavjud. Har biri taxminan 1 mlrd so‘mga tushadigan bu texnikalarsiz shoshilinch holatlarni tezkor aniqlash imkoni yo‘q.





