add

Toshkentda «Konstitutsiya ko‘chasi» ochiladi

Kecha 12:251832 daqiqa

Konstitutsiya kuni munosabati bilan Toshkentda «Konstitutsiya ko‘chasi» tashkil etiladi. Tadbirda huquqiy burchaklar, konsertlar, viktorinalar va sayyor qabullar o‘tkaziladi.

Toshkentda «Konstitutsiya ko‘chasi» ochiladi

Toshkent shahar hokimligi va Adliya vazirligi hamkor tashkilotlar bilan birga poytaxtning «Sayilgoh» ko‘chasi hamda barcha hududlar markaziy ko‘chalarida «Konstitutsiya ko‘chasi»ni tashkil etmoqda. Loyiha aholining huquqiy savodxonligini oshirish, Konstitutsiya ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qiladi.

Tadbirning asosiy qismi sifatida maxsus «Konstitutsiya burchaklari» tashkil etiladi. U yerda fuqarolarga huquqiy maslahatlar beriladi, qonunchilikdagi dolzarb yangiliklar yuzasidan tushuntirishlar o‘tkaziladi. Uzoq yillik tajribaga ega davlat tashkilotlari mutaxassislari aholiga huquqlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy yo‘l-yo‘riqlarni taqdim etadi.

Bayram doirasida taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish qilinadi. Shu bilan birga, ko‘ngilochar va madaniy dasturlar belgilangan bo‘lib, barcha yosh toifalari uchun ochiq tadbirlar tashkil etiladi. Sovrinli viktorinalar orqali ishtirokchilarning huquqiy bilimlari sinovdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, aholi murojaatlarini joyida eshitish va hal etish maqsadida sayyor qabullar faoliyat yuritadi. Unda mansabdor shaxslar fuqarolar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, turli muammo va takliflarni ko‘rib chiqadi.

Toshkent shahridagi markaziy tadbir «Sayilgoh» ko‘chasida 2025 yil 5-dekabr kuni soat 11:00 da boshlanadi. Tashkilotchilar mazkur loyihaning huquqiy madaniyatni yuksaltirish va aholining faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Lex.uz portalida 2025 yilning birinchi yarmida eng ko‘p o‘qilgan huquqiy hujjat O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘lgan edi.

Teglar

Mavzuga oid