
Tramp sakkizinchi bor Putindan ranjiganini ta’kidladi
AQSH prezidenti Donald Tramp Putindan noroziligini yana bildirdi. Unga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi urushi Yaqin Sharqda tinchlikka erishishdan ham murakkab masalaga aylangan.

AQSH prezidenti Donald Tramp sakkizinchi marta omma oldida RF prezidenti Vladimir Putindan ranjiganini aytdi. U Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida so‘z yuritar ekan, bu mojaroni hal etish Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonidan ham qiyin bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
«Bu — aqlbovar qilmas darajadagi vaziyat. Men buni yengil hal bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Putin bilan munosabatlarimiz yaxshi edi, shunday ekan, buni osonlikcha hal etamiz, deb ishongandim. Ammo men undan juda ranjidim — bu urush Yaqin Sharqdagi kelishuvdan ham murakkab ekan», — dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Ukrainadagi janglarda 7812 kishi halok bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi harbiylar.
Bu Trampning Putindan ranjigani haqidagi sakkizinchi bayonoti. Birinchisini u 1 iyul kuni Kreml rahbari bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng aytgan edi. Keyinchalik 8, 15 va 28 iyul kunlari ham shunga o‘xshash fikr bildirgan. 2 sentyabrda u Putinni «juda ranjiganini» yana ta’kidladi, 25 sentyabrda Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda Rossiya neft mahsulotlari importini to‘xtatishga chaqirdi. 30 sentyabrda esa «men Putindan juda ranjidim, u bu ishni tugatishi kerak edi», degan edi.
Tramp avval ham Putinni «to‘rt yildan beri bir haftada tugashi kerak bo‘lgan urushni davom ettirayotgan», Rossiya iqtisodiyotini esa «parchalangan» deb atagan. Uning fikricha, Ukraina Rossiyani harbiy jihatdan yengish qobiliyatiga ega.
Donald Tramp prezidentlikning ikkinchi muddatida Rossiya–Ukraina urushiga chek qo‘yishga faol harakat qilmoqda. U Kremlni yangi sanksiyalar bilan tahdid qilgan, tinchlik bo‘yicha aniq muddatlar belgilagan, ammo ular tugagach, sanksiyalar joriy etilmagan. Avgust oyida Alyaskada Putin bilan yuzma-yuz uchrashgan Tramp Rossiya tomonini urushni to‘xtatishga chaqirgan, ammo Moskva bu takliflarni rad etgan va Ukraina infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirgan.





