
Trampning sabri tugadi: Putinga 12 kun muhlat berildi
28.07.2025 | 19:4011023
Donald Tramp Rossiyani Ukraina bilan kelishuvga majburlash uchun avval bergan 50 kunlik muddatni 10–12 kunga qisqartirdi. U Putindan ko‘ngli qolganini ochiq aytdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya–Ukraina urushiga chek qo‘yish maqsadida Kremlga qo‘ygan talabini yanada kuchaytirdi. Uning aytishicha, avval berilgan 50 kunlik muddat yetarlicha bo‘lmagan va endi bu muddat 10–12 kungacha qisqartiriladi.
«Men Putinga nisbatan juda saxiylik qildim. 50 kun berdim. Endi esa buni 10–12 kungacha qisqartaman»,- dedi Tramp jurnalistlar bilan suhbatda.
Tramp, shuningdek, Putin bilan bir necha marta muzokaralar o‘tkazganini, ammo har safar Ukraina shaharlariga raketa yog‘dirilgani va tinch aholi halok bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu harakatlar muzokara jarayonini yo‘qqa chiqaradi.
14 iyul kuni AQSH prezidenti Rossiya va uning savdo hamkorlariga qarshi 100 foizlik boj to‘lovlari joriy etish bilan tahdid qilgan. Unda Moskva 50 kun ichida Ukraina bilan tinchlikka erishish bo‘yicha kelishuvga bormasa, ushbu choralar amalga oshirilishi aytilgandi. Kreml Trampning bayonotlarini nihoyatda jiddiy deb baholagan va ularni chuqur tahlil qilish zarurligini ta’kidlagan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning fikricha, Ukraina AQSHning qarorlarini «urushni davom ettirish uchun ishora» sifatida qabul qilmoqda.





