
Tuman va shaharlar boshqaruv organlari uchun yangi binolar quriladi
Hukumat mahalliy boshqaruv organlarini bir joyga jamlab, ularning hozirgi binolari o‘rnida biznes loyihalar amalga oshirilishini belgiladi. Bu boshqaruv samaradorligini oshirish va hududlarni iqtisodiy faol qilishga qaratilgan.

O‘zbekiston hukumati 2025 yil 22 oktyabrda 668-sonli qarorni qabul qildi. Hujjat «Jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda mahalliy boshqaruv organlarini optimal joylashtirish orqali ularning bino va inshootlari o‘rnida biznes loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» deb nomlanadi.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 1 apreldagi PQ–132-sonli qaroriga muvofiq ravishda qabul qilingan bo‘lib, u jadal kompleks rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, 2025–2026 yillardagi tuman va shaharlarning rivojlantirish dasturlari hamda mahalliy boshqaruv organlari bir joyda joylashtiriladigan ro‘yxat tasdiqlandi.
Yangi ma’muriy binolar foydalanishga qabul qilingach, ularning birinchi va ikkinchi qavatlari savdo hamda servis faoliyati uchun ajratiladi. Bu binolar «E-auksion» elektron savdo platformasida onlayn auksion orqali ijaraga beriladi. Shu orqali mahalliy byudjet daromadlari oshirilishi va tadbirkorlik faoliyatiga qulay muhit yaratilishi kutilmoqda.
Qarorga ko‘ra, yangi ma’muriy binolarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish va obodonlashtirish ishlari «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari orqali amalga oshiriladi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida faoliyat yuritadi.
Bosh loyiha va pudrat tashkilotlari belgilangan tartibda tanlov asosida aniqlanadi. Barcha qurilish va loyihalash ishlarini 2026 yil 1 dekabrga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Bu chora mahalliy boshqaruv tizimini zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlab, hududlarda davlat boshqaruvi va tadbirkorlik faoliyatini uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.





