
Ukraina dronlari «Rosneft»ning yirik neft zavodini to‘liq ishdan chiqardi
Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodiga dronlar hujumi ortidan quvur va uskunalar shikastlandi, natijada korxona ishni to‘liq to‘xtatdi.

Reuters agentligining ma’lumot berishicha, ukrain dronlari 19 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Samara oblastida joylashgan Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ)ga kuchli zarba bergan. Hujum natijasida korxonada yirik yong‘in kelib chiqqan va ishlab chiqarish jarayoni to‘liq to‘xtatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in zavodning ikki asosiy quvvatiga — AVT-11 va AVT-9 qurilmalariga jiddiy shikast yetkazgan. Birinchi qurilma sutkasiga 18,9 ming tonna, ikkinchisi esa 4,7 ming tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan. Hozir har ikkala uskuna faoliyatdan chiqarilgan.
Novokuybishevsk NQIZ — «Rosneft» guruhiga kiradi va Rossiyadagi eng yirik qayta ishlash ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Korxona yiliga 8,3 mln tonna neft xomashyosini qayta ishlash, shu jumladan 1 mln tonna benzin va 1,5 mln tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish salohiyatiga ega.
Reuters manbalariga ko‘ra, zavoddagi tiklash ishlari jadal olib borilayotgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarishni qayta tiklash kamida noyabr boshlarigacha kechikadi. Bu vaqt ichida Rossiyaning ichki neft ta’minoti va yoqilg‘i logistikasida uzilishlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Dron hujumi Rossiya neft sanoatiga navbatdagi zarba bo‘ldi — so‘nggi oylarda Ukraina energiya infratuzilmasini nishonga olish amaliyotini tobora kuchaytirmoqda.





