add

«Ukraina va Qozog‘istonni boy berdik»: Putin Bushga yopiq eshiklar ortida nimalar degan?

Bugun 19:1817903 daqiqa

AQSH Milliy xavfsizlik arxivi Vladimir Putin va kichik Jorj Bush o‘rtasidagi maxfiy muzokaralar bayonnomasini e’lon qildi.

«Ukraina va Qozog‘istonni boy berdik»: Putin Bushga yopiq eshiklar ortida nimalar degan?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2001 yilda Amerika rahbari kichik Jorj Bushga Rossiya Kavkazdagi o‘z yerlarini «boy berib qo‘yganini», SSSRning parchalanishi esa mamlakatni «zaif va himoyasiz» qilib qo‘ygani haqida gapirgan.

Bu ma’lumotlar Jorj Vashington universiteti qoshidagi «Milliy xavfsizlik arxivi» (National Security Archive) tadqiqot tashkiloti tomonidan e’lon qilingan AQSH hukumatining maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlarida aks etgan.

«Aslida nima bo‘ldi? Sovet irodasi dunyoni o‘zgartirdi. Ruslar minglab kvadrat kilometr hududlardan o‘z ixtiyori bilan voz kechdi. Bu — misli ko‘rilmagan holat. Asrlar davomida Rossiyaning bir qismi bo‘lib kelgan Ukraina qo‘ldan boy berildi. Qozog‘iston ham berib yuborildi. Kavkaz ham xuddi shunday. Buni tasavvur qilish qiyin, bularning barchasini o‘sha paytdagi partiya rahbarlari amalga oshirdi», — deya ta’kidlagan Putin Bush bilan suhbatda.

2008 yilning fevralida davlat rahbarlari Moskvada yana bir bor uchrashib, boshqa masalalar qatorida Ukraina atrofidagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Vladimir Putin kichik Jorj Bushni NATO kengayishining mumkin bo‘lgan oqibatlardan ogohlantirgan.

«Endi men Moskvada Kondi va Geytsga (o‘sha paytdagi AQSH davlat kotibi Kondoliza Rays va mudofaa vaziri Robert Geyts) NATO kengayishi borasida aytganlarimni takrorlamoqchiman. Bu siz uchun yangilik bo‘lmaydi va men javob kutayotganim ham yo‘q. Shunchaki, buni ochiq-oydin aytib qo‘ymoqchiman. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Ukraina kabi davlatning NATOga a’zo bo‘lishi siz va biz uchun uzoq muddatli qarama-qarshilik hududini, davomli konfrontatsiyani keltirib chiqaradi», — deyiladi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi apparati xodimlari tomonidan tayyorlangan va maxfiylikdan chiqarilgan suhbat bayonnomasida.

Bunga javoban Bush Putinning so‘zlari nimaga asoslanganiga qiziqqan. Rossiya prezidenti Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishi Rossiya chegaralari yaqinida NATO harbiy bazalari va turli qurol-yarog‘ tizimlari joylashtirilishi xavfini tug‘dirishini tushuntirgan. Bundan tashqari, u alyansga kirish butun Ukraina jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligini ta’kidlab, mamlakat aholisining qariyb uchdan bir qismini yoki taxminan 17 million kishini ruslar tashkil qilishini eslatib o‘tgan.

Bundan tashqari, Putin Rays va kichik Bush bilan Eron yadro dasturi va uni tartibga solishda Rossiyaning rolini muhokama qilgan. Suhbat davomida u eronliklarni «telba, ammo aqlli» ekanini ochiqchasiga tan olgan. Rossiya yetakchisi, shuningdek, Eronga raketa texnologiyalari yetkazib berishni cheklash niyatida ekanini bildirgan va Tehron yadro yoqilg‘isi bilan ta’minlanishi evaziga uranni boyitmasligi kerakligini ta’kidlagan.

«Mana yoqilg‘i, uni boyitishingizga hojat yo‘q. Agar siz bunday qilsangiz, bu sizga fuqarolik maqsadidagi yadro energetikasi emas, balki ko‘proq narsa kerakligini anglatadi», — degan Rossiya prezidenti.

Shu bilan birga, u eronliklar “sodda odamlar emasligini” qo‘shimcha qilib, Eron, shubhasiz, yadro quroliga ega bo‘lishga intilayotganini ta’kidlagan. Bush, o‘z navbatida, Moskvaning ushbu masaladagi ta’sirini yuqori baholagan.

«U (Putin) Eron masalasida tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va men unga ergashdim. Bu to‘g‘ri qaror edi», — degan Amerika prezidenti.

Teglar

Mavzuga oid