Uy va avtomobil naqd pulsiz qanday olib-sotiladi? Yangi tartib tasdiqlandi
1-apreldan ko‘chmas mulk va transportlar oldi-sotdisida

hisob-kitoblar endi naqdsiz shaklda notarius va banklar o‘rtasidagi elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
Prezidentning tegishli farmoniga asosan, sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda bitimlarni rasmiylashtirish jarayonida axborot xavfsizligi hamda ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash uchun Adliya vazirligi bugun, 16-mart kuni 3790-raqamli nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Unda ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibi keltirilgan.
2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblarning amalga oshirilganligi notarius va banklar o‘rtasidagi elektron ma’lumotlar almashish yo‘li bilan aniqlanadi.
Unga ko‘ra, endi notariuslar ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlashni taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblar bo‘yicha banklar tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiradi.
Ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
• Xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi;
• Bank tomonidan taraflar o‘rtasida shartnoma bo‘yicha kelishilgan pul mablag‘lari naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvarag‘iga kirim qilinadi;
• Shartnoma to‘lov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan amalga oshirilsa, tegishli eskrou hisobvarag‘iga taraflar o‘rtasida kelishilgan (boshlang‘ich) pul mablag‘lari kirim qilinadi;
• Shartnoma to‘liq yoki qisman kredit mablag‘lari asosida amalga oshirilganda, bu haqda kredit ajratayotgan bank tomonidan notariusga elektron ma’lumot yuboriladi;
• Xaridor yoki uning vakilining bankdagi (bank kartasi, talab qilib olinguncha, elektron hamyon) hisobvaraqlaridan eskrou hisobvaraq sifatida foydalanilishi mumkin;
• Taraflar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi;
• Notarius eskrou hisobvarag‘ida mablag‘lar mavjudligini elektron shaklda tekshirib oladi hamda shartnomani tasdiqlaydi;
• Pul mablag‘lari sotuvchi yoki uning vakilining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi yoki hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar ularning so‘roviga ko‘ra naqd shaklda taqdim etiladi.





