add

Venesuelaga hujum: narkotrafikka qarshi kurashmi yoki Maduroni ag‘darish operatsiyasi?

25.10.2025 | 20:207857

So‘nggi ikki oyda AQSH Venesuela yaqinidagi Karib dengizi hududida harbiy guruhini keskin kuchaytirdi. bunday yirik harbiy guruhlashtirish bu mintaqada o‘nlab yillardan beri kuzatilmagan edi.

Venesuelaga hujum: narkotrafikka qarshi kurashmi yoki Maduroni ag‘darish operatsiyasi?

Oktyabr oyida strategik B-52 bombardimonchilari Venesuela sohili yaqinida bombardimon hujumi simulyatsiyasini o‘tkazdi. AQSH prezidenti Donald Tramp Markaziy razvedka boshqarmasiga Venesuela hududida harakat qilishga ruxsat berdi. Hududdagi keskinlik kuchaymoqda.

AQSH Venesueladan chiqqan bir necha kichik kemaga zarba berdi, ularni giyohvand moddalar tashuvchi deb atadi. Hujumlarda taxminan 40 kishi halok bo‘ldi. AQSH ularni «narkoterroristlar» deb ataydi, biroq o‘ldirilganlar shaxsiyati oshkor qilinmagan va narkotrafik bilan bog‘liqliklari bo‘yicha hech qanday dalil taqdim etilmagan.

Mintakadagi ko‘plab davlatlar bu hujumlarni qoraladi, huquqshunos ekspertlar esa ularning qonuniyligiga shubha bilan qaramoqda. AQSH bu harakatlarni narkotrafikka qarshi urush deb baholamoqda, ammo tashqi belgilarga ko‘ra, bu — qo‘rqitish kampaniyasidek tuyuladi. Maqsad — Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatish.

«Bu yerda gap hokimiyatni o‘zgartirish haqida ketmoqda. Ehtimol, AQSHning to‘g‘ridan to‘g‘ri bosqini bo‘lmaydi, shunchaki ular muayyan signallar bermoqda», — deya Chatham House tahlil markazining Lotin Amerikasi bo‘yicha mutaxassisi doktor Kristofer Sabatinining so‘zlarini keltirmoqda BBC.

Uning fikricha, AQSH Venesuela harbiylari va Maduroga yaqin fuqarolar orasida qo‘rquv uyg‘otish hamda ularni prezidentga qarshi chiqishga undash maqsadida Karibda harbiy guruh tuzgan.

BBC Verify xizmati ochiq ma’lumotlar va sun’iy yo‘ldosh suratlariga asoslanib aniqlashicha, 23 oktyabr holatiga ko‘ra mintaqada Amerikaning 10 ta harbiy kemasi, jumladan raketali eskadron mina tashuvchi kemalari, desant kemalari va yonilg‘i tankerlari joylashgan edi.

 

Maduroning yaqinlarini vasvasaga solayotgan 50 mln dollar

AQSH rasmiylari, xususan, davlat kotibi Marko Rubio Maduroning chetlatilishiga umid bog‘lashini yashirmayapti.

Joriy yilda Rubio Fox News telekanalida Nikolas Maduroni «dahshatli diktator» deb atadi va «u hokimiyatdan ketishi kerakmi?» degan savolga shunday javob berdi: «Biz bu borada siyosat darajasida ish olib boramiz».

Biroq hatto Maduroga ochiq qarshi bo‘lgan Rubiodek shaxslarga ham oppozitsiyaning Maduroni harbiy yo‘l bilan ag‘darish chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlash oson emas.

Donald Tramp 2016 yilda AQSHning Venesuelada hokimiyatni o‘zgartirishga urinishiga qarshi chiqqan edi. Hozir esa u AQSH «uzoq davom etadigan abadiy urushlar»ga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmasligi kerakligini aytmoqda.

AQSH Nikolas Maduroni Venesuelaning legitim prezidenti sifatida tan olmaydi. Chunki muxolifat va jahonning ko‘plab davlatlari 2024 yilgi prezidentlik saylovlari soxta o‘tkazilgan deb hisoblaydi.

Karakasdagi AQSH elchixonasi hali 2019 yilda, Trampning birinchi prezidentlik muddatidayoq yopilgan edi.

AQSH Maduroni qo‘lga olishga yordam berishi mumkin bo‘lgan ma’lumot uchun 50 million dollar mukofot e’lon qilgan. Ammo bu uning yaqinlarini «yetakchilarini sotish»ga undashga hozircha samara bermagan.

CSIS tahlil markazi professori, huquqshunos Xose Ignasio Ernandesning ta’kidlashicha, neftga boy Venesuela elitasi uchun 50 million dollar hech narsa emas. Mamlakatdagi korrupsiya sxemalari ancha katta foyda keltiradi. Masalan, sobiq moliya vaziri Alexandro Andrade 2019 yili 10 yilga qamalgan va 1 milliard dollar pora olganini tan olgan.

Ko‘plab tahlilchilar fikricha, hokimiyat o‘zgarishida harbiylarning pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biroq ular Maduroni ag‘darishdan avval, ehtimol, qonuniy ta’qiblardan himoya kafolatlarini xohlashadi.

Chikago universiteti siyosatshunoslik professori va Lotin Amerikasi bo‘yicha mutaxassis Maykl Albertusning fikricha, hatto 500 million dollar ham Maduroning yaqinlarini vasvasaga solmasligi mumkin.

«Avtoritar yetakchilar o‘z atrofidagilarga doimo shubha bilan qaraydi. Shuning uchun ular shaxsiy sadoqatni ta’minlash va kuzatuv mexanizmlarini yaratadi», — deya eslatadi u.

AQSH tomonidan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalar mamlakatdagi inqirozni yanada og‘irlashtirgan, ammo hozirgacha elita orasidan hech kim Maduroga qarshi chiqmagan.

 

Ehtimol, gap faqat narkotik moddalarda emasdir?

Donald Tramp Venesuelaga nisbatan amalga oshirilayotgan harakatlarni narkotik moddalarga qarshi kurash deb atayapti. Masalan, 16 oktyabrda AQSH hujum qilgan qayiq haqida gapirib, u asosan fentanil bilan to‘lganini aytgan.

Biroq fentanil asosan Meksikada ishlab chiqariladi va AQSHga quruqlik orqali, ya’ni janubiy chegaradan olib kiriladi. U dengiz orqali kelmaydi.

«Bu yerda gap giyohvand moddalarda emas», — deydi doktor Sabatini. Uning fikricha, Tramp Venesuela muxolifati ritorikasini o‘zlashtirgan. Unga ko‘ra, bu mamlakat nafaqat diktatura, balki jinoiy tuzum ham hisoblanadi.

AQSH Adliya vazirligi 2020 yildan beri Nikolas Maduroni narkotik moddalar savdosi va narkoterrorizm bilan shug‘ullanuvchi tashkilotni boshqarayotganlikda ayblab kelmoqda. Lekin AQSH hozircha bu da’volarni isbotlovchi aniq dalillarni e’lon qilmadi. Maduro bu ayblovlarni rad etmoqda.

Shu bilan birga, uning yaqinlari orasida giyohvand moddalar savdosida ayblanib, sudlanganlar bor. Masalan, 2016 yili Nyu York sudi Maduroning xotinining ikki jiyanini AQSHga kokain olib kirish uchun til biriktirganlikda aybli, deb topgan. Sud materiallariga ko‘ra, ular topgan pullarining bir qismini xolalari — prezident xotini uchun siyosiy kampaniyaga sarflashni rejalashtirgan. Keyinroq ular ozodlikka chiqarilgan.

Tramp MRBning Venesueladagi maxfiy operatsiyalarini tasdiqlash qaroriga kelganini aynan mamlakatdan AQSHga narkotiklar kirib kelayotgani bilan izohlagan.

Biroq Venesuelada kokain ishlab chiqarish hajmi katta emas. Bu modda asosan Kolumbiya, Peru va Boliviyada tayyorlanadi. Kokainning bir qismi Venesuela orqali o‘tishi mumkin, ammo rasmiylar bu borada jiddiy kurashayotganini ta’kidlaydi.

AQSHning 2025 yildagi Giyohvand moddalarga qarshi kurash boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, AQSHda musodara qilingan kokainning 84 foizi Kolumbiyadan kelgan. Hisobotda boshqa mamlakatlar ham tilga olingan, lekin Venesuela ular orasida emas.

Ilk yetti hujum Venesueladan kelgan qayiqlarga Karib dengizida uyushtirilgan. Ammo Karib dengizi orqali asosiy narkotrafik yo‘nalishlari o‘tmaydi. Bu yo‘nalishlar asosan Tinch okeani orqali o‘tadi — keyingi hujumlar aynan shu yerda amalga oshirilgan.

 

Dengiz va havodagi kuchlarni kengaytirish

Harbiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, dengizda narkotiklar trafigini to‘xtatish uchun AQSH tomonidan shakllantirilgancha keng ko‘lamli guruhlashtirish shart emas.

Puerto Riko atrofidagi amerikalik harbiy kemalardan tashqari, sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Trinidad va Tobagodan 120 km sharqda joylashgan yana ikki kema aks etgan.

Ulardan biri — USS Lake Erie raketa kreyseri. Ikkinchisi esa RAND korporatsiyasi tahlilchisi, AQSH harbiy-dengiz kuchlarining sobiq kapitani Bredli Martinga ko‘ra, MV Ocean Trader deb ataladigan kema bo‘lib, maxfiy operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qayta jihozlangan savdo kemasidir.

Bu kemada vertolyotlar, katerlar, dronlar joylashtirilishi mumkin va u har xil operatsiyalarni, jumladan, zarba berish oldidan razvedka o‘tkazishni ham ta’minlay oladi. Ammo Bredli Martinning ta’kidlashicha, MV Ocean Traderning ushbu mintaqadagi hozirligi — bu yerda qandaydir operatsiya o‘tkazilayotgani yoki rejalashtirilayotgani degani emas.

AQSH mazkur mintaqada havo kuchlarini ham kengaytirdi. BBC Verify Puerto-Rikodagi aerodromlarda bir nechta harbiy samolyotlarni aniqladi.

17 oktyabrda olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Puerto-Rikodagi harbiy bazada zamonaviy F-35 qiruvchi samolyotlari ko‘riladi. Shuningdek, bir xususiy samolyot uchuvchisi fuqarolik aeroportida turibdigan og‘ir dron — MQ-9 Reaper’ning videosini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. AQSH ushbu dronlardan ilgari Afg‘oniston, Suriya, Liviya va Malidegi operatsiyalarda razvedka va zarba berish uchun foydalangan.

Oktyabr o‘rtalarida BBC Verify uchta B-52 bombardimon samolyoti Karib dengizini kesib o‘tib, Venesuela sohiligacha uchganini qayd etdi. Keyinroq AQSH Havo kuchlari bu parvoz «bombardimon zarbasi imkoniyati namoyishi» bo‘lganini bildirdi.

Havo harakati monitoringi servislarida ushbu mintaqada B-1 bombardimonchilari va P-8 Poseidon razvedka samolyotlari parvozlari ham qayd etilgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Trinidad va Tobagoga yaqin hududlardagi amerikalik harbiy vertolyotlar tasvirlari tarqaldi. Ular orasida maxsus kuchlar xizmat qiladigan Boeing MH-6M Little Bird vertolyotlari ham bor.

 

MRB Venesuelada nima qilishi mumkin?

Donald Trampdan MRBga Nikolas Maduroni yo‘q qilishga ruxsat bergan-bermagani so‘ralganda, u bu savolga javob berish «ahmoqona va kulgili» bo‘lardi, deb javob qaytardi.

Shu bilan birga, u AQSH hozir «quruqlikka qarayotgani»ni aytib, Venesuela hududida operatsiyalar o‘tkazish ehtimoliga ishora qildi.

Lotin Amerikasida MRBga nisbatan ishonch past. Bunga agentlikning o‘tmishdagi maxfiy operatsiyalari, to‘ntarishlarga urinishlari va harbiy diktaturalarni qo‘llab-quvvatlagani — xususan, Chili va Braziliyadagi harakatlari sabab bo‘lgan.

BMTdagi AQSHning sobiq vakili, MRBning ilgargi yetakchi tahlilchisi va Davlat departamenti maslahatchisi Ned Praysning aytishicha, MRBning maxfiy operatsiyalari turlicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:

«Bu axborot urushlari bo‘lishi mumkin. Yoki diversiyalar. Yoki muxolifat partiyalarini moliyalashtirish. Yoki butun rejimni ag‘darishgacha borishi mumkin. Quyi va yuqori chegaralar orasida ko‘p variantlar bor», — deydi u.

Venesuela hududida bunday operatsiyalar narkotik savdosida gumon qilinganlarga qarshi qaratilgan bo‘lishi mumkin. AQSHning o‘z bayonotlariga ko‘ra, bu ro‘yxatda Nikolas Maduroning o‘zi ham bor.

Doktor Sabatinining fikricha, Venesuela narkotik ishlab chiqaruvchi katta markaz emas, u yerda kokain yoki fentanil ishlab chiqaruvchi laboratoriyalar yo‘q. Ammo AQSH narkotrafikda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan aerodromlar yoki portlarga zarba berishni maqsad qilsa bo‘ladi.

«Agar Tramp qat’iylik ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, harbiy kazarmaga raketa uchirishi mumkin. Kokain tashishda ishtirok etayotgan harbiylar haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari bor», — deydi Sabatini.

Yoki, Sabatinining taxminiga ko‘ra, MRB agentlari hatto Maduroni yoki uning eng yaqin tarafdorlaridan birini o‘g‘irlab, AQSH sudiga olib ketishga uringan bo‘lishi mumkin.

Doktor Sabatini uchun eng katta savol — Tramp bu darajadagi harbiy kuchlarni Karib dengizi hududida qancha vaqt ushlab turishga tayyor?

Agar bu guruhlashtirishning yagona maqsadi — Maduroni qo‘rqitish bo‘lsa, u holda bu uning atrofidagi shaxslarni qochishga majbur qilishga yetarlimi — noma’lum.

AQSHning Maduroni zo‘rlik bilan ag‘darishgacha borish-bormasligini tushunish esa, professor Albertusning ta’kidlashicha, hozircha juda murakkab masala.

 

Teglar:

 

SEO title:

 

Meta description:

 

Teglar

Mavzuga oid