Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Rossiya neftini yetkazib berishni so‘ramoqda
Slovakiya va Vengriya Ukraina tomonidan «Drujba» neft quvuri orqali Rossiya xomashyosini yetkazib berish to‘xtatilganidan so‘ng, Xorvatiyadan Rossiya neftini tranzit qilishni yo‘lga qo‘yishni so‘radi. Kiyev Budapeshtni Rossiya tomonidan quvurga uyushtirilgan hujumlarni yashirib kelayotganlikda ayblamoqda.

Ukraina orqali «Drujba» neft quvuri bo‘yicha Rossiya nefti yetkazib berish to‘xtatilgandan keyin Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Rossiya xomashyosini Adriatika neftquvuri (JANAF) orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni so‘radi. Bu haqda dkecha, 16-fevral kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Vazirning ta’kidlashicha, sanksiya istisnosi tufayli Zagreb bu iltimosni bajarishga qodir, chunki u «quvur orqali yetkazib berishda uzilishlar bo‘lsa, Rossiya neftini dengiz orqali import qilish imkoniyatini nazarda tutadi».
Xorvatiya tranzitga rozi, ammo faqat YI va AQSH qoidalari doirasida
Xorvatiya iqtisod vaziri Ante Shushnyar mamlakat yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
«Xorvatiya Markaziy Yevropada yoqilg‘i ta’minoti xavf ostida qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biz YI qonunchiligi va OFAC qoidalari doirasida uzilishlar bilan bog‘liq o‘ta dolzarb muammoni hal etishga tayyormiz. Hech kim yoqilg‘isiz qolmasligi kerak», – deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Avvalroq Viktor Orban hukumati bir necha bor JANAF quvuri zarur hajmda neft uzatishga qodir emasligini, shuningdek, Xorvatiya hukumatining tranzit to‘lovlarini oshirgani Vengriya uchun bu yo‘lni tijoriy jihatdan manfaatsiz qilib qo‘yganini ta’kidlagan edi.
Shu bilan birga, Shushnyar Adriatika neft quvuri tanqidlarga qaramay ishga tayyor ekanini, shu sababli Yevropa Ittifoqining istalgan davlati uchun Rossiya neftiga qaram bo‘lib qolishni oqlaydigan texnik sabablar qolmaganini bildirdi.
«Rossiyadan sotib olingan barrel ayrim davlatlarga arzonroq tuyulishi mumkin, ammo u urushni va ukrain xalqiga qarshi hujumlarni moliyalashtirishga xizmat qiladi», – dedi vazir.
«Drujba» orqali yetkazib berish 27-yanvardan to‘xtatilgan
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 27-yanvardan «Drujba» neft quvuri orqali yetkazib berish to‘xtatilishini Vengriyaning Ukraina hududidagi quvur qismiga Rossiya zarbasi berilgani haqida sukut saqlagani bilan izohladi. Bunga javoban Budapesht Ukraina tomoni ushbu quvur uchastkasida elektr ta’minotini o‘chirib qo‘yganini bildirdi. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 15-fevral kuni Ukrainani eksportni qayta tiklashni ataylab cho‘zayotganlikda aybladi.
«Reuters» agentligining yozishicha, Vengriyaning MOL energetika kompaniyasi allaqachon Budapesht hukumatidan strategik neft zaxiralaridan foydalanishga ruxsat so‘ragan. Agar sharqdan yetkazib berish yaqin kunlarda tiklanmasa, birinchi bosqichda taxminan 250 ming tonna xom neft ajratish talab etiladi, deb xabar qildi kompaniya.
«ExPro» tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Ukraina «Drujba» neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali taxminan 9,73 mln tonna Rossiya neftini tranzit qilgan.





