
Xitoy Tayvanga urush ochmasligiga uch asosiy sabab
12.06.2025 | 14:409463
Tayvan atrofidagi harbiy mashqlar va qamal harakatlariga qaramasdan Xitoy bu orolni bosib olishga kuchli to‘siq bo‘luvchi jiddiy muammolarga duch keladi. Responsible Statecraft nashri tahliliga ko‘ra, Tayvanning iqtisodiy ahamiyati va Xitoyning ichki murakkab iqtisodiy sharoiti Pekinni jiddiy qarama-qarshilikka tortmoqda.
Birinchidan, Tayvan dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchisi sanaladi. 2024 yilning to‘rtinchi choragida Taiwan Semiconductor Manufacturing Co. (TSMC) global chip bozorining 67,1 foizini nazorat qildi va ilg‘or chiplarning deyarli barchasini ishlab chiqardi. Tayvan infratuzilmasi bu soha uchun noyob darajada moslashgan bo‘lib, uni tezda boshqa davlatlar bilan almashtirishning imkoni yo‘q.
Ikkinchidan, har qanday harbiy harakat Tayvan va Luson bo‘g‘ozlari orqali o‘tadigan jahon savdosini izdan chiqarishi mumkin. Bu yo‘nalish orqali o‘tadigan tovarlar va xomashyo tranziti yiliga 2,45 trln dollarga yetadi. Orol portlarining o‘zi yiliga 500 mlrd dollarlik aylanmaga ega. Bu xalqaro iqtisodiyot uchun sezilarli ko‘lamdagi raqamdir.
Uchinchidan, Xitoy o‘zi ham iqtisodiy jihatdan barqaror holatda emas. Ichki bozorda iste’mol past, ko‘chmas mulk bo‘yicha inqiroz davom etmoqda, tashqi iqtisodiy munosabatlarda esa AQSH bilan savdo urushi oqibatlari hamon seziladi. Mazkur manzarada yangi mojaro Xitoy iqtisodiyotiga og‘ir zarba berish ehtimoli yuqori.
Shu sababli tahlilchilar fikricha, Xitoy hozirgi sharoitda Tayvanga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarni boshlashni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Bu nafaqat global iqtisodiy inqirozni keltirib chiqaradi, balki Xitoy ichki siyosiy barqarorligi uchun ham katta tahdid bo‘ladi.





