Xitoy va Pokiston Eron urushini to‘xtatish bo‘yicha qo‘shma reja taklif qildi
Pekin va Islomobod 5 banddan iborat tinchlik tashabbusini taqdim etdi. Reja zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni ko‘zda tutadi.

Xitoy va Pokiston Erondagi mojaroni hal qilish bo‘yicha «besh bandlik tinchlik rejasi»ni e’lon qildi. «Axios» nashrining xabar berishicha, ushbu tashabbus zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash, energetika va yadroviy infratuzilmaga hujumlarni taqiqlash hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro kema qatnovini tezkorlik bilan tiklashni o‘z ichiga oladi.
Ushbu hujjat Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor va Xitoy TIV rahbari Vang Yi o‘rtasida Pekinda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra taqdim etildi. Pokiston urush davomida AQSH va Eron o‘rtasidagi asosiy vositachi bo‘lib kelayotgan bo‘lsa, Xitoy Eronning eng yirik savdo sherigi va neft xaridori sifatida Tehronga ta’sir o‘tkazishning real vositalariga ega. AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu tashabbusni tanqid qilmadi va «Eron bilan muzokaralar yaxshi ketayotganini» ta’kidladi.
Tahlilchilarning fikricha, Pokiston AQSH roziligisiz Xitoy bilan bunday qo‘shma rejani ilgari surmagan bo‘lardi. Agar Pekin Vashington boshlagan urushda asosiy vositachi sifatida mustahkamlansa, bu mojaroning eng kutilmagan geosiyosiy burilishlaridan biri bo‘ladi. Biroq, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon tinchlik uchun o‘z shartlarini — hujumlarni to‘liq to‘xtatish, reparatsiya to‘lash va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan suveren huquqlarini tan olishni talab qilmoqda.
5 bandli Tinchlik rejasi
Pekin va Islomobod taklif etayotgan reja mintaqadagi iqtisodiy xaosni to‘xtatishga qaratilgan. Birinchidan, har ikki tomon harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak. Ikkinchidan, energiya xavfsizligini ta’minlash uchun neft va yadroviy obyektlarga zarba berish taqiqlanadi. Uchinchidan, tomonlar diplomatik muzokaralar stoliga o‘tirishi lozim.
To‘rtinchi va beshinchi bandlar global iqtisodiyot uchun o‘ta muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘oziga tegishli. Reja bo‘g‘ozni xalqaro kemalar uchun ochish va uning xavfsizligini xalqaro kafolatlar ostiga olishni nazarda tutadi. Xitoy uchun bu hayotiy muhim masala, chunki Eron neftining katta qismi aynan Pekinga yo‘naltiriladi va bo‘g‘ozning yopilishi Xitoy iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Eskalatsiya va tahdidlar
Tinchlik rejasi e’lon qilingan bir paytda, Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) vaziyatni yanada keskinlashtirdi. 1-apreldan boshlab mintaqadagi 18 ta Amerika kompaniyasi, jumladan «Apple», «Meta», «Google», «Microsoft» va «Nvidia» «qonuniy nishon» deb e’lon qilindi. Tehron ushbu kompaniyalarni AQSH harbiylariga razvedka ma’lumotlari berishda ayblamoqda.
Vaziyat o‘ta ziddiyatli: bir tomondan Xitoy va Pokiston diplomatik yechim izlayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Eron harbiylari AQSHning texnologik gigantlariga zarba berish bilan tahdid qilmoqda. Tramp ma’muriyati esa 6-aprelgacha biror kelishuvga erishishga umid qilmoqda, biroq Eronning suveren huquqlar va reparatsiya borasidagi qat’iy talablari muzokaralarni qiyinlashtirmoqda.





