Mart oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi?

Mart oyida jahon bozorlaridagi keskin noaniqliklar fonida ko‘plab valutalar qadrsizlangan bir paytda, so‘m dollarga nisbatan atigi 0,3 foizga pasaydi.

Mart oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi?

Mart oyida jahon iqtisodiyotida kuzatilgan geosiyosiy keskinliklar moliya bozorlarida noaniqliklarni keskin oshirdi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, fevral oyi oxirida Eronga bog‘liq vaziyatning keskinlashishi investorlarning xatardan qochish kayfiyatini kuchaytirgan.

Natijada, AQSH qimmatli qog‘ozlari xavfsiz aktiv sifatida yanada jozibador bo‘lib, dollarga bo‘lgan talab ortib ketdi.

111

Bu jarayon mart oyida valuta bozorlarida keng ko‘lamli bosimni yuzaga keltirdi. Tahlil qilingan 39 ta valutadan deyarli barchasi dollarga nisbatan qadrsizlandi yoki o‘zgarishsiz qoldi. Faqat Qozog‘iston tengesi dollarga nisbatan mustahkamlanib, 3 foizlik o‘sishni qayd etdi. Bu holat neft narxlarining yuqori o‘sishi bilan izohlanmoqda.

Yirik xalqaro valutalar ham pasayish tendensiyasini ko‘rsatdi. Jumladan, shveysariya franki 2,9 foizga, yapon iyenasi 2 foizga, yevro 1,6 foizga va funt sterling 1 foizga qadrsizlandi. Shu bilan birga, neft narxlari yuqori darajada bo‘lishiga qaramasdan, Rossiya rubli 5,1 foizga pasaydi. Bu holat milliy jamg‘armadan valuta sotuvlarining to‘xtatilgani va pul-kredit siyosatida yumshash davom etayotgani bilan izohlanadi.

O‘zbekiston milliy valutasi — so‘m ushbu sharoitda nisbatan barqaror dinamikani namoyon etdi. Mart oyida u dollarga nisbatan atigi 0,3 foizga qadrsizlanib, eng kam pasaygan valutalardan biri bo‘ldi.

112

Yillar kesimida qaralganda, joriy yil mart oyidagi ko‘rsatkich 2025 yilga nisbatan biroz yuqori bo‘lsa-da, 2022–2024 yillardagi o‘zgarishlarga nisbatan sezilarli darajada past.

113

Shu bilan birga, so‘mning tebranuvchanligi ham kamaygani qayd etildi. Mart oyida kunlik o‘rtacha tebranuvchanlik 0,18 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yil may oyidan buyon eng past daraja hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, oy davomida so‘mning kunlik o‘rtacha tebranuvchanligi 0,18 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich tengeda 0,45 foiz,  rublda esa 0,98 foizni tashkil etgan.

Umuman olganda, mart oyida global iqtisodiy bosimlar kuchayganiga qaramasdan, so‘m kursining nisbatan barqaror saqlanishi milliy valuta bozoridagi muvozanat va ehtiyotkor makroiqtisodiy siyosat natijasi sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Mart oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi? | Vaqt.uz