Sintetik o‘g‘itlar inqirozi: dunyo oziq-ovqat xavfsizligi tahdid ostida

Bugun 20:452 daqiqa

O‘g‘it va tabiiy gaz tanqisligi jahon agrosektorida krizis xavfini kuchaytirmoqda, oziq-ovqat narxlari oshishi ehtimoli bor.

Sintetik o‘g‘itlar inqirozi: dunyo oziq-ovqat xavfsizligi tahdid ostida

Jahon agrosektori sintetik o‘g‘itlar tanqisligi tufayli xavf ostida qolmoqda. Bu holat hosildorlik va oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb ogohlantirmoqda moliyaviy tahlilchi Lukas Ekvuame.

Uning baholashicha, dunyoda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqatning taxminan 50 foizi bevosita sintetik o‘g‘itlarga bog‘liq. Shu bilan birga, Shimoliy yarimsharda ekish mavsumi arafasida ushbu resurslarning mavjudligi keskin kamaygan.

Jumladan, strategik bo‘g‘ozdagi vaziyat sababli o‘g‘it yetkazib berishning taxminan 30 foizi to‘sib qo‘yilgan, suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishning yana 20 foizi mavjud emas. Qo‘shimcha bosimni Xitoyning eksportga kiritgan cheklovlari ham kuchaytirmoqda – bu jahon ta’minotining yana 30 foizigacha ta’sir qilishi mumkin.

1

Ekspertning ta’kidlashicha, o‘g‘it ishlab chiqarish tabiiy gazga juda bog‘liq. Uning so‘zlariga ko‘ra, sintetik o‘g‘itlarning aksariyati aynan gazdan ishlab chiqariladi va bu zaif zanjirni shakllantiradi: «gaz yo‘q – o‘g‘it yo‘q – hosil yo‘q – oziq-ovqat yo‘q».

Shu sharoitda jahon agrar bozori uchun xatarlar ortib bormoqda, ayniqsa ekish mavsumi oldidan o‘g‘itlarga talab yuqori bo‘lgan paytda. Bu oziq-ovqat narxlarining yanada oshishiga va dunyo miqyosida oziq-ovqat barqarorsizligining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

O‘g‘it va oziq-ovqat narxlari o‘smoqda

«Financial Times» avvalroq Yaqin Sharqdagi urush o‘g‘it yetkazib berishda jiddiy uzilishlar keltirib chiqarganini yozgan edi. Bu holat esa global oziq-ovqat bozoriga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Gazeta hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘g‘itlar narxi keskin oshgan. Masalan, karbamid narxi 130 dollarga qimmatlashib, bir tonnasi 650 dollarga yetgan. Ammiak esa hozirda tonnasi 725 dollardan sotilmoqda, bu fevral o‘rtalaridagi ko‘rsatkichdan 130 dollarga yuqori.

Tahlilchilarning fikricha, ta’minot zanjiridagi bu uzilishlar Yevropa bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yaqin haftalarda non, tuxum, go‘sht kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ehtimoli yuqori.

Teglar

Mavzuga oid