Mobiuz 2025-yilda qariyb 175 mlrd so‘m foyda oldi

Kecha 23:352 daqiqa

Kompaniya foydasi 2024-yilga nisbatan 39 barobar o‘sdi. Uni bir necha yildan beri xususiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Mobiuz 2025-yilda qariyb 175 mlrd so‘m foyda oldi

Universal Mobile Systems MChJ (Mobiuz aloqa operatori) 2025-yil yakunlari bo‘yicha rekord darajada sof foyda qayd etdi.

Moliyaviy hisobotda qayd etilishicha, kompaniyaning sof foydasi 173,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich atigi 4,3 mlrd so‘m bo‘lgan. Bir yil ichida sof foyda 3 937 foizga yoki qariyb 39 barobarga oshdi.

Kompaniyaning sof tushumi o‘tgan yilda 2,5 trln so‘mni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 19 foizga o‘sdi. Yalpi foyda 863,1 mlrd so‘mga (+15 foiz), operatsion foyda esa 152,8 mlrd so‘mga (+1 foiz) yetdi. Sof rentabellik ko‘rsatkichi 2 foizdan 7 foizgacha ko‘tarildi.

Xarajatlar qismida mahsulot va xizmatlar tannarxi 1 336,2 mlrd so‘mdan 1 618,9 mlrd so‘mga (+21 foiz), davr xarajatlari esa 632,3 mlrd so‘mdan 764,4 mlrd so‘mga (+21 foiz) oshgan.

Kompaniya O‘zbekiston miqyosida soliq to‘lash bo‘yicha ham yetakchilardan hisoblanadi. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar orasida TOP-10 soliq to‘lovchi sifatida e’tirof etilgan.

Mobiuz aloqa operatorlari orasida to‘rtinchi eng yirik soliq to‘lovchi hisoblanadi. Yil davomida kompaniya jami 253,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan bo‘lib, shundan 64,1 mlrd so‘mi foyda solig‘iga to‘g‘ri keladi.

Mobiuz xususiylashtirilishi kutilmoqda

O‘zbekiston hukumati mobil aloqa operatori Mobiuz (Universal Mobile Systems)dagi 100 foiz ulushini 2025-yil iyun oyida sotuvga qo‘ygan edi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, mamlakat kompaniyani 300 mln dollarga sotmoqchi.

Sotib olishga Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Yevropa kompaniyalari qiziqish bildirgan. Dastlab 15 ta investor ariza topshirgan bo‘lsa, hozirda ularning 3 tasi xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmoqda.

Mobiuz O‘zbekiston mobil aloqa bozorining taxminan 20,9 foiz ulushiga ega. Kompaniya abonentlari soni 8 million nafardan oshadi.

Avvalroq «O‘zbektelekom» 2025-yilda 14 barobar o‘sish qayd etib, 509,9 mlrd so‘m sof foyda olgani xabar qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid