JCH-2026ʼning barcha 48 ishtirokchisi ma’lum: O‘zbekiston raqibini bildi

Bugun 10:352 daqiqa

31-mart kungi o‘yinlardan so‘ng JCH-2026 ishtirokchilari aniq bo‘ldi. Italiya yana mundialsiz qoldi, O‘zbekiston guruhiga Kongo DR kelib qo‘shildi.

JCH-2026ʼning barcha 48 ishtirokchisi ma’lum: O‘zbekiston raqibini bildi

UEFA saralash pley-off o‘yinlarida Shvetsiyaning yo‘llanmagan ega bo‘lgani ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘ldi. Chunki, Shveysariya, Kosovo, Sloveniya va Shvetsiya ishtirok etgan «B» saralash guruhida shvedlar 2 ochkogina jamg‘arib, so‘nggi o‘rinni egallagan edi.

Shunday bo‘lsa ham, ular UEFA millatlar ligasi reytingiga ko‘ra saralashda ishtirokini davom ettirishdi. Avvaliga Ukraina ustidan g‘alaba, kecha esa o‘z maydonida Polsha ustidan 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabaga erishdi.

Turkiya JCH-2002 dagi ishtirokidan so‘ng, oradan 24 yil o‘tib yana JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kosovo poytaxti Prishtinada o‘tgan o‘yinda Oqturko‘g‘lining 53-daqiqada urgan goli turklarga mundial yo‘llanmasini taqdim etdi.

Fabio Kannavaro sardorligida JCH-2006 da g‘olib bo‘lgan Italiya qatorasiga uchinchi mundialdan quruq qolmoqda. To‘rtinchi chempionlikdan so‘ng ular ikkita jahon chempionatida guruhdan ham chiqa olmagan edi.

Bosniya va Hersegovinada o‘tgan uchrashuvda o‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. Skuadro adzurra vakillari birinchi bo‘limdayoq 10 kishi bo‘lib qolishdi: 41-daqiqada Bastoni so‘nggi umid foli uchun qizil oldi. O‘yin penaltilar seriyasiga qadar cho‘zildi va unda mezbonlarga omad kulib boqdi.

Chexiya va Daniya o‘rtasida o‘tgan uchrashuv (1:1)da ham o‘yin taqdirini penaltilar seriyasi hal qildi. Bu o‘yinda ham mezbonlarning zarbalari aniqroq chiqdi.

Meksikada o‘tgan ikkita qit’alararo pley-off o‘yinlaridan birinchisida O‘zbekiston milliy terma jamoasining «K» guruhdagi uchinchi raqibi ma’lum bo‘ldi va kutilganidek, bu — Afrika vakili Kongo Demokratik Respublikasi bo‘ldi. O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha bo‘limlarning 100-daqiqasida Tuanzebe tomonidan urilgan gol uchrashuv taqdirini hal qildi.

Ikkinchi uchrashuvda Iroq Boliviya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va mundialda ishtirok etuvchi Osiyo milliy jamoalarining to‘qqizinchisi bo‘ldi. Iroq so‘nggi marta 40 yil avval o‘tgan JCHda ishtirok etgan.

Teglar

Mavzuga oid