Eron AQSHning texnologik kompaniyalari ofislariga zarba berish bilan tahdid qildi

Bugun 08:252 daqiqa

Islom inqilobi muhofizlari korpusi 1-apreldan boshlab «Apple», «Google» va «Microsoft» kabi 18 ta kompaniya ofislariga hujum boshlashini e’lon qildi. Tramp esa urushni to‘xtatish yo‘llarini izlamoqda.

Eron AQSHning texnologik kompaniyalari ofislariga zarba berish bilan tahdid qildi

Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) vakillari 1-apreldan boshlab AQSHning 18 ta yirik korporatsiyasi obyektlariga hujum boshlanishini ma’lum qildi. «Tasnim» agentligining xabariga ko‘ra, birinchi zarbalar Tehron vaqti bilan soat 20:00 ga belgilangan. Ro‘yxatga nafaqat «Apple», «Google», «Microsoft» va «Meta» kabi IT-gigantlar, balki Nvidia, Intel, Boeing, Tesla hamda J.P. Morgan kabi moliyaviy va sanoat tuzilmalari ham kiritilgan.

Eron tomoni ushbu kompaniyalarni SI va AKT texnologiyalari yordamida Eron fuqarolari hamda harbiy rahbariyatiga qarshi «teraktlarni muvofiqlashtirishda» ayblamoqda. Jumladan, 31-mart kuni Zanjon shahridagi diniy majmuaga berilgan zarba va Bosh shtab boshlig‘i maslahatchisi Jamshid Ishoqiyning o‘limi uchun qasos olinishi ta’kidlandi. Kompaniya xodimlariga ofislarni zudlik bilan tark etish tavsiya etilgan.

Trampning kutilmagan chekinishi

Shu bilan birga, «The Wall Street Journal» nashrining yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan. Hattoki strategik muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Tehron nazoratida qolsa ham, Tramp operatsiyani cho‘zmaslikka qaror qilgan. Oq uy Eron harbiy-dengiz floti va raketa zaxiralarini zaiflashtirish bilan cheklanib, qolgan muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilmoqchi.

Biroq, Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar kabi mintaqaviy ittifoqchilar Trampni Eron rahbariyati almashmaguncha yoki Tehronning xulq-atvori tubdan o‘zgarmaguncha hujumlarni davom ettirishga undamoqda. AQSH ma’muriyati 6-aprelga qadar Eron bilan bitim tuzishga umid qilmoqda, aks holda Yevropa va Fors ko‘rfazi davlatlaridan bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha tashabbusni o‘z qo‘liga olishni talab qilmoqchi.

Bo‘g‘oz uchun «bojxona» to‘lovi

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishi natijasida dunyo bozoridagi neftning 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizi qamal holatida qolgan. Bu esa energiya resurslari narxining keskin oshishiga olib keldi. AQSH tomonidan taklif etilgan 15 banddan iborat tinchlik rejasiga javoban Tehron kutilmagan shart qo‘ydi.

Eron hukumati Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan suveren huquqini tan olishni va ushbu suv yo‘lidan o‘tadigan barcha kemalar uchun haq to‘lash tizimini joriy etishni talab qilmoqda. Agar ushbu talab qabul qilinsa, Eron global energiya savdosidan ulkan daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vaziyat 6-aprelgacha bo‘lgan muzokaralar natijasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Eron AQSHning texnologik kompaniyalari ofislariga zarba berish bilan tahdid qildi | Vaqt.uz