Go‘sht narxi keskin oshdi, oltin rekord darajada pasaydi, erkak sobiq xotinini mashinada bosib ketdi — hafta dayjesti

Bugun 19:006 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonda go‘sht narxi keskin oshdi

Bozorda yurgan odam darrov payqaydi: go‘sht narxi oxirgi vaqtda ancha oshgan. Rasmiy ma’lumotlar ham buni tasdiqlaydi.

O‘zbekistonda go‘sht narxi so‘nggi bir oyda o‘rtacha 8 foizga oshgan. 25-mart holatiga ko‘ra, Toshkentdagi «Eski juva» (Chorsu) bozorida mol go‘shti ulgurji narxi 75 ming so‘mdan 108 ming so‘mgacha yetgan. Qovurg‘a 75–80 ming, sarpanja 85–95 ming, son qismi esa 90–100 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Muzlatilgan import go‘shti esa 85 mingdan 110 ming so‘mgacha taklif qilinmoqda.

Qo‘y go‘shti ham chetda qolmadi: uning narxi 85 mingdan 110 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Bu o‘zgarishlar chakana bozorlarga ham ta’sir qilib, oddiy xaridor uchun narxlarni yanada oshirmoqda.

Iqtisodchilar bu qimmatlashuvni asosan tashqi omillar bilan izohlamoqda. Jumladan, Rossiyadagi vaziyat va Qozog‘iston tomonidan chorva va go‘sht importiga qo‘yilgan cheklovlar ta’minotga ta’sir qilgan.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekiston 156,9 million dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilgan. Shuning 120 million dollari yoki 25,9 ming tonnasi qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Imomali Rahmon Toshkentga keldi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 26-mart kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Muzokaralardan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon 10 ta qo‘shma loyihani boshlab berdi

Loyihalar doirasida Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘qimachilik quvvatlarini barpo qilish, Toshkentda turarjoy majmuasi va savdo obyektlarini qurish hamda Farg‘ona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Mirziyoyev va Rahmon ishtirokida Toshkentda Tojikiston elchixonasining yangi binosi tantanali ravishda ochildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 2028-yilgacha bo‘lgan yangi hamkorlik paketlari imzolandi.

Trampdan Mirziyoyevga xat keldi

Joriy haftada AQSH prezidenti Donald Tramp ham O‘zbekiston yetakchisiga maktub yo‘lladi. Tramp Mirziyoyevni Tinchlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga, shuningdek, Mayamida o‘tadigan G20 sammitiga taklif etdi.

Mirziyoyev Putin bilan gaplashdi

Yakunlanayotgan haftada Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Ularning suhbati 24-mart kuni bo‘lib o‘tdi. Aynan shu kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida Rossiya loyihasi asosida qurilayotgan atom elektr stansiyasi maydonida beton quyish ishlarini boshlash marosimi o‘tkazildi. Shuningdek,  «O‘zatom» va «Rosatom» o‘rtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik bo‘yicha Yo‘l xaritasi hamda  O‘zbekistona integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuv imzolandi. Hujjatni «O‘zatom» agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladi.

Prezidentlar muloqotida ushbu masalalar ham o‘rin oldi.

Mirziyoyev Putin bilan Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi.

Tomonlar «INNOPROM Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasining navbatdagisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonda san’atkorlar uchun soliq 

Yaqin vaqtlarda san’atkorlar faoliyatida yangi qoidalar paydo bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda 1-sentabrdan ijodkorlarga har bir chiqishi uchun alohida soliq joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Adliya vazirligi taqdim etgan qaror loyihasiga ko‘ra, barcha konsert va chiqishlar maxsus soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi.

Yangi tizim «bitta xizmat — bitta to‘lov» tamoyili asosida ishlaydi. Bunda soliq miqdori ijrochining aniq daromadiga emas, balki uning toifasi va hududiga qarab belgilanadi. Hatto bepul chiqishlar uchun ham soliq to‘lanadi (davlat tadbirlaridan tashqari). 2029-yildan boshlab esa soliq shartnoma qiymatiga qarab hisoblanadi.

Shu bilan birga, ijrochilarga ayrim yengilliklar ham berilmoqda: ijrochilar yillik daromadlarining 30 foizini tasdiqlovchi hujjatlarsiz xarajat sifatida chegirib tashlashlari mumkin. Agar haqiqiy xarajatlar bu miqdordan oshsa, daromadning yana 10 foizi qo‘shimcha ravishda chegiriladi.

Yangi qoidalarga amal qilmaganlar uchun jarimalar ham aniq. Agar chiqishlar rasmiylashtirilmasa va soliq to‘lanmasa, bu yashirin daromad deb baholanadi. BHMning 20 baravaridan (6,8 mln so‘mdan) kam bo‘lmagan miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Ayib o‘tibganimizdek, bu hali qonun loyihasi va u hozirda jamoatchilik muhokamasida. Muhokamalar 10-aprelgacha davom etadi.

Oltin rekord darajada pasaydi.

O‘zbekistonda oltin narxi keskin pasayib, so‘nggi yillardagi eng yirik kunlik tushish qayd etildi.

24-mart kuni O‘zbekistonda oltin narxi 8,6 foizga tushdi.

100 gramm ko‘rinishidagi quyma narxi 195,6 mln so‘mdan 180,1 mln so‘mgacha arzonladi. 3-martdagi rekord narxga nisbatan umumiy pasayish 17 foizdan oshdi. O‘shanda 100 gramm quyma narxi 217 mln so‘mdan oshiq edi.

Jahonda ham oltin narxi 1983-yildan beri eng katta pasayishni qayd etdi.

Oltin arzonlashishiga asosiy sabab – global omillar. Yaqin Sharqdagi keskinlik energiya narxlarini oshirib, inflatsiya xavfini kuchaytirdi. Natijada markaziy banklar, ayniqsa AQSHda, foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab turmoqda. Bu esa dollarni investorlar uchun jozibador qilib, oltinga bo‘lgan talabni kamaytirdi. Investorlar oltindan ko‘ra dollar va obligatsiyalarga o‘tmoqda.

Oltin odatda «xavfsiz boshpana» hisoblanadi, lekin hozir investorlar ko‘proq real daromadga e’tibor qaratmoqda.

Bu holat O‘zbekiston uchun ham muhim: mamlakat zaxiralarining katta qismi oltindan iborat. Narx pasaysa, zaxiralar qiymati va budjet tushumlari ham kamayadi. Shunga qaramay, uzoq muddatda tahlilchilar oltin yana o‘sib, 6000 dollardan oshishini prognoz qilmoqda.

Xalqaro bozorda o‘zbek so‘miga ham e’tibor kuchaymoqda. Masalan, «Deutsche Bank» tayyorlagan tahliliy materialda Erondagi urush tufayli bozorlardagi beqarorlik sharoitida O‘zbekiston va Qozog‘istonni «kutilmagan xavfsiz panohgohlar»dan biri deb atadi. Bank tahlilchilari o‘zbek so‘mi va qozoq tengesini «hozirgi noaniq bozor sharoitida kapitalni saqlash uchun jozibador valutalar» deb baholagan, biroq Qozog‘iston valutasi kursi hozircha yuqoriroq baholanganini ham qayd etgan.

«Tenge ham, so‘m ham xorijiy investorlarga nisbatan kam bog‘liqlik va Qozog‘iston hamda O‘zbekistonning katta valuta zaxiralari tufayli bozordagi keskin o‘zgarishlar va kayfiyatlar ta’siriga kamroq duch keladi. Ularning kursi muvozanatli joriy hisob va yuqori foiz stavkalari (6 foizdan yuqori) bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda»,  – deya ta’kidlaydi «Deutsche Bank».

Erkak sobiq xotini va uning tanishlarini mashinada bosib ketdi

Bu hafta Toshkentdagi Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan voqea jamoatchilik e’tiborini tortdi. 27 yoshli erkak «Tracker» bilan sobiq turmush o‘rtog‘i va uning tanishlarni urib ketdi. Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va hozirda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

«Fuqarolar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqanligi, janjal yakunlanish arafasida turganda, to‘rt nafar fuqaro harakatlanayotgan vaqtida «Tracker» rusumli avtomobilda haydovchi kelib, to‘rt nafar fuqaroni urib yuborgan holati aniqlangan», – deydi Yunusobod tumani IIO FMB tergovchisi Akobir Yoqubov.

Voqea joyidan kerakli daliliy ashyolar rasmiylashtirib olingan. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) hamda 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat qo‘zatilgan. Tergov harakatlari to‘liq va xolis olib borilib, qonuniy qaror qabul qilishi ta’minlanishi aytilgan.

Mikroqarzlar foizi rekord darajada pasaydi

Bu haftada mikrokredit bo‘yicha foiz stavkalarida rekord pastlik kuzatildi.

Markaziy bank 2026-yil mart oyining oxirgi haftasi bo‘yicha tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilayotgan mikrokredit va avtokreditlar foiz stavkalari bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni e’lon qildi. Yangi haftada mikrokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 28,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 22,7 foiz darajasida qayd etildi.

Mikrokreditlar bo‘yicha bu haftadagi ko‘rsatkich Markaziy bank mikrokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qilishni boshlanganidan beri kuzatilgan eng past daraja bo‘ldi. Oxirgi marta eng past daraja 2026-yil 23-fevral holatiga ko‘ra, 29,3 foiz darajasida qayd etilgandi.

Kichik Qodirov 18 yoshida mayor bo‘ldi

Bu hafta Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam omma oldida  ko‘rinish berib bilan e’tibor markaziga tushdi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 18 yoshli o‘g‘li, o‘tgan yildan beri Checheniston xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Adam Qodirov yo‘l-transport hodisasiga uchragani haqidagi xabarlardan so‘ng birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi. Ramzan Qodirov o‘g‘li Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlayotgani aks etgan videoni e’lon qildi.

Videoda kichik Qodirov  Ramazon oyida o‘tkazilgan tadbir haqidagi hisobotni o‘qigan.

E’tibor berib qaralsa, Adamning yelkasida mayor harbiy unvoniga mos kelishi mumkin bo‘lgan o‘rta kattalikdagi yulduzni ko‘rish mumkin. Bunday unvon odatda ko‘p yillik (8–10 yil) harbiy xizmat va maxsus ta’limni olgan harbiylarga beriladi. Biroq Adam Qodirovning kerakli harbiy ta’lim olgani yoki rasman xizmat qilgani haqida ochiq ma’lumot mavjud emas.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 34

Barchasi

Mavzuga oid

Go‘sht narxi keskin oshdi, oltin rekord darajada pasaydi, erkak sobiq xotinini mashinada bosib ketdi — hafta dayjesti | Vaqt.uz