Rossiya neft eksporti Boltiq portlaridagi hujumlar sababli falajlandi
Ukraina dronlarining Primorsk va Ust-Luga portlariga zarbasi natijasida Rossiya neft eksportining 40 foizi to‘xtadi. Bu Rossiya uchun eng yirik neft inqirozidir.

Rossiya neft kompaniyalari Boltiq dengizi bo‘yidagi «Primorsk» va «Ust-Luga» portlari orqali xom ashyo yetkazib berishda «fors-major» holatini e’lon qilish bo‘yicha xaridorlarni ogohlantirdi. «Reuters» agentligining sohadagi uchta manbasiga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlarining dron hujumlari Rossiyaning eng yirik ikkita neft terminali ishini izdan chiqargan. Kuniga 1 mln barrel quvvatga ega «Primorsk» porti yonilg‘i rezervuarlaridagi yong‘in sababli 22-martdan beri to‘liq quvvatda ishlay olmayapti.
Vaziyat ayniqsa «Ust-Luga» portida og‘irligicha qolmoqda. Juma kuni PPQlarning navbatdagi hujumidan so‘ng port terminallari va transport infratuzilmasidagi yong‘in hali ham davom etmoqda. Port ma’muriyati neft yuklash to‘xtatilgani haqida rasmiy bildirishnoma chiqardi, biroq eksport qachon tiklanishi noma’lum. Natijada, Rossiyaning dengiz orqali amalga oshiriladigan umumiy neft eksportining deyarli yarmi (kuniga 3,5–4 mln barrelning 50 foizi) xavf ostida qoldi.
Ekspertlar buni urush boshlanganidan beri Rossiya neft sektoriga berilgan eng kuchli zarba deb atamoqda. Tahlilchi Boris Aronshteynning ta’kidlashicha, hujumlarning ko‘lami va aniqligi Rossiyaning budjet tushumlarini jiddiy xavf ostiga qo‘ygan. «Bu oxirgi to‘rt yil ichida men guvoh bo‘lgan eng samarali va strategik o‘ylangan hujumdir», — deya qayd etdi ekspert. Ushbu inqiroz Rossiyaning urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini bevosita cheklashi kutilmoqda.
Infratuzilmaviy og‘ir zarar
Hujumlar nafaqat neft terminaliga, balki gaz kondensatlarini qayta ishlovchi korxonalarga ham zarar yetkazdi. Jumladan, «Ust-Luga»dagi «Novatek» gaz majmuasi o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu korxonada nafta, kerosin va mazut ishlab chiqarilar edi. Hozirda nafta eksporti to‘xtagan, uning qachon tiklanishi bo‘yicha hech qanday prognozlar mavjud emas.
Harbiy tahlilchi Yan Matveyevning fikricha, asosiy muammo neft saqlash omborlari va yuklash uskunalarining shikastlanganidadir. Agar port infratuzilmasidagi texnik vositalar ishdan chiqqan bo‘lsa, ta’mirlash ishlari va eksportni tiklash bir necha oyga cho‘zilib ketishi mumkin. Bu esa Rossiya uchun milliardlab dollarlik yo‘qotish demakdir.
Budjet tushumlari xavfda
Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilariga ko‘ra, bu hujumlar Rossiyaning rekord darajadagi daromadlariga chek qo‘yadi. Mart oyining boshida Rossiya neft eksportidan haftasiga 2,45 mlrd dollar ishlab topayotgan edi. Hatto Hindiston bozorida Rossiyaning «Urals» navli nefti ilk bor barreliga 120 dollardan oshib ketgan bir paytda, portlarning yopilishi bu foydani ko‘kka sovurdi.
Daromadlarning keskin kamayishi Rossiya hukumatini ichki bozorda yonilg‘i narxini oshirishga yoki budjet xarajatlarini qisqartirishga majbur qilishi mumkin. Ukrainaning dronlar orqali olib borayotgan «iqtisodiy urushi» Rossiyaning eng zaif nuqtasiga — neft savdosidan keladigan dollarlariga aniq zarba berdi.





