Tramp urush va tinchlik o‘rtasida qiyin tanlov qarshisida qoldi — «Reuters»
«Reuters»ning yozishicha, Donald Tramp Eron bilan mojaroni tugatish yoki eskalatsiyani kuchaytirish borasida qaror qabul qilishi kerak. Energetika inqirozi prezidentga bosim o‘tkazmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan bir oydan beri davom etayotgan mojarodan so‘ng keskin siyosiy tanlov oldida turibdi. «Reuters» agentligining yozishicha, Tramp yo «nomukammal» bo‘lsa-da bitim tuzib, mojarodan chiqishi, yoki uning prezidentlik davrini «yutib yuborishi» mumkin bo‘lgan uzoq davom etuvchi urushga kirishi kerak. Garchi AQSH va Isroil bir oydan beri Eronga qarshi harbiy kampaniya olib borayotgan bo‘lsa-da, Tehron Fors ko‘rfazidagi neft va gaz yetkazib berish ustidan nazoratni saqlab qolmoqda hamda mintaqa bo‘ylab raketa zarbalarini davom ettirmoqda.
Tramp o‘z yordamchilariga «abadiy urush»dan qochishni istayotganini va chiqish yo‘lini muzokaralar orqali topmoqchi ekanini aytgan. U harbiy harakatlar uchun 4–6 haftalik muddatni belgilagan bo‘lsa-da, Oq uydagi yuqori martabali mulozimlar bunday grafikni «ishonchsiz» deb atamoqdalar. Shu bilan birga, agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, prezident vaziyatni yanada keskinlashtirish bilan tahdid qilmoqda. Trampning Pokiston orqali yuborilgan 15 banddan iborat tinchlik rejasi uning inqirozdan tezroq chiqishga intilayotganidan dalolat beradi.
AQSH Milliy razvedkasi sobiq direktori o‘rinbosari Jonatan Panikoffning fikricha, Trampning urushni tugatish bo‘yicha imkoniyatlari juda cheklangan. Asosiy muammo — AQSH uchun «qoniqarli natija» aynan nima ekanligi haqida aniq tushuncha yo‘qligidadir. Oq uy vakili esa kampaniya faqatgina bosh qo‘mondon «maqsadlarga erishildi» deb hisoblagandagina yakunlanishini ta’kidladi.
Energetik shok va reyting
Jahon bozorida neft va gaz narxining keskin ko‘tarilishi AQSH iqtisodiyotiga zarba bermoqda. Bu esa prezident Trampning saylovchilar orasidagi reytingi tushishiga sabab bo‘lmoqda. Urushning cho‘zilishi nafaqat Yaqin Sharqni, balki global moliyaviy tizimni ham beqarorlashtirmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, Tramp uchun eng katta xavf — Eronning javob qaytarish salohiyatini past baholashdir. Agar mojaro haqiqiy «abadiy urush»ga aylansa, bu Trampning nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy kelajagiga ham nuqta qo‘yishi mumkin. Shu sababli, Vashington hozirda harbiy bosim va diplomatik takliflar o‘rtasida muvozanat izlamoqda.
Diplomatik yechim izlash
Tramp tomonidan taklif etilgan 15 banddan iborat tinchlik rejasi Eronga nisbatan ma’lum yon berishlarni ham o‘z ichiga olishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq Tehronning ushbu takliflarga munosabati hozircha noma’lum. Pokiston vositachiligidagi ushbu jarayon mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin.
Agar Eron talablarni rad etsa, Tramp Pentagonga «yashil chiroq» yoqishga majbur bo‘ladi. Bu esa Eronning energetika va yadroviy infratuzilmasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalar berilishini anglatadi.
Bu orada Eron agar AQSH uning energetika obyektlariga zarbalar bersa, ular Fors ko‘rfazidagi arab davlatlaridagi energetika va suv obyektlariga raketa va dron hujumi uyushtirish bilan tahdid qildi.





