O‘zbekistonda «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni joriy etiladi
2026 yildan O‘zbekistonda ekologik ta’lim va targ‘ibotni kuchaytirish maqsadida «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni joriy etilib, qator yangi loyihalar amalga oshiriladi.

«Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–110-son, 25.03.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yildan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan yashil kampus loyihalari ishlab chiqiladi. Ushbu loyihalar Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshirilib, ta’lim muassasalarida ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1-maydan «10 ming qadam piyoda» tajribasi qayta tiklanadi. Bu tashabbus aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi ham ishga tushiriladi.
Qarorning muhim jihatlaridan biri — «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni ta’sis etilishidir. Ushbu mukofot yoshlarni ekologik faollikka jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Nishon uch darajada beriladi. Jumladan, maktab o‘quvchilari uchun III darajali, texnikum va oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun II darajali hamda xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar uchun I darajali «Yosh ekolog» nishoni joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qaror bilan 50 ming daraxt ekkanlarga «metsenat» unvoni berilishi haqida xabar bergan edik.





