Alyuminiy narxi keskin oshdi
Eron hujumlari ortidan alyuminiy narxi keskin o‘sib, jahon bozorida ta’minot uzilishi xavotirlari kuchaydi.

London metall birjasida alyuminiy narxlari keskin o‘sishni qayd etdi. Uch oydan keyin yetkazib beriladigan alyuminiy fyucherslari 30-mart kungi savdolarda 5,73 foizga oshib, bir tonna uchun 3463 dollarga yetdi.
Savdo jarayonida narx 3492 dollargacha ko‘tarilib, 19-martdan beri eng yuqori darajaga chiqdi. Shu bilan birga, ko‘rsatkich so‘nggi to‘rt yillik rekord — 3546,5 dollarga ham yaqinlashdi.
«Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, alyuminiy narxining o‘sishiga Eron tomonidan Yaqin Sharqdagi ikkita ishlab chiqarish obyektiga qilingan hujumlar sabab bo‘lgan. Bu holat mintaqadagi yetkazib berish zanjiriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yaqin Sharq mintaqasi alyuminiy ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli mazkur hududdagi har qanday uzilish global bozorda narxlarning tez o‘sishiga olib keladi.
Mintaqadagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri — «Emirates Global Aluminium» kompaniyasi 28-mart kuni Abu-Dabidagi zavodiga jiddiy zarar yetganini ma’lum qildi. Bahrayndagi «Aluminium Bahrain» kompaniyasi esa o‘z korxonasidagi zarar ko‘lamini baholashda davom etmoqda.
Ekspertlarga ko‘ra, AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik alyuminiy ta’minotiga oid xavotirlarni yanada kuchaytirgan. Fors ko‘rfazi davlatlari jahon alyuminiy ta’minotining qariyb 9 foizini ta’minlaydi.
Ayni paytda, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eksport cheklanishi ishlab chiqarish va logistika jarayonlariga bosimni kuchaytirmoqda. Ayrim kompaniyalar ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga majbur bo‘ldi.
Tahlilchilar fikricha, geosiyosiy xavflar saqlanib qolsa, alyuminiy narxlari yaqin oylarda yanada ko‘tarilishi mumkin.





