Prezident 2026-yilda inflatsiyani 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolishni eng muhim vazifa etib belgiladi

Bugun 20:333 daqiqa

Davlat rahbari ishtirok etgan bugungi yig‘ilishda dunyodagi vaziyat iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yo‘laklari va import narxlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi.

Prezident 2026-yilda inflatsiyani 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolishni eng muhim vazifa etib belgiladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 30-mart kuni 2026-yil I choragida iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ta’minlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi.

Yig‘ilishda inflatsiyani joriy yilda 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlarida ham o‘sish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil yo‘laklardan foydalanish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan bog‘liq muammolarini hozirdan hal etish muhimligi ta’kidlandi.

Eksportchilar tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy masalalardan biri transport-logistika ekani, jahonda ro‘y berayotgan voqealar ta’sirida eksport yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan qo‘shni davlatlar bilan transport va savdo masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish choralarini ko‘rish topshirildi.

Xorijiy investitsiyalar masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tahlikali xalqaro vaziyat ayrim loyihalar ijrosiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirildi. Shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan har bir loyihani muntazam tahlil qilib borish va investorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatish vazifasi belgilandi.

Bank-moliya sohasida biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasi ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, yilning dastlabki ikki oyida sanoat 7,7 foizga, xizmatlar 15,4 foizga o‘sdi, 3,5 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi va 8,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.

Yil boshidan 9 ta viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga respublika budjetidan qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m va 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” maqomi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy budjetlarga 3,9 trillion so‘m ajratildi. Og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga jami 3,9 trillion so‘m hamda mahalliy budjetlardan 1,3 trillion so‘m, 283 ta “drayver” loyihalarga birinchi bosqichda 1 trillion so‘m ajratildi.

Yil yakuniga qadar gavjum ko‘chalar, sohilbo‘yi va yo‘lbo‘yi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jami 1,2 trillion so‘m, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 450 milliard so‘m, 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazlarini tashkil qilish uchun 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin o‘zgarib, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yo‘laklari va import narxlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi. Bunday sharoitda har bir tarmoq va hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari joriy raqamlar ijobiy bo‘lishiga qaramasdan, hech bir rahbar xotirjamlikka berilishi mumkin emasligini ta’kidladi. Hozirgi murakkab vaziyatda xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, ularni yumshatish bo‘yicha aniq rejalar bilan ishlash, tarmoqlar va hududlarda muammolarni kutib o‘tirmasdan, ularga tezkor yechim topish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mas’ullarga inflatsiyani jilovlash, sanoat va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid