
Yana bir kompaniya zaharli modda sabab O‘zbekistondagi bolalar ozuqalarini qaytarib olmoqda
Bolalar suti tarkibida aniqlangan toksin organizmda kuchli qayd qilish va ich ketishi kabi noxush alomatlarni keltirib chiqarish xususiyatiga ega.

Fransiyaning sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Lactalis kompaniyasi yetkazib beruvchilardan birining xomashyosida sereulid toksini aniqlangani sabab Picot brendi ostidagi olti turdagi bolalar sutini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishini e’lon qildi.
«Yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan xom ashyo tarkibida sereulid (cereulide) mavjudligi sababli, dorixonalar va chakana savdo tarmoqlarida mavjud bo‘lgan Picot bolalar sutining oltita turkumini ixtiyoriy ravishda qaytarib olmoqdamiz», - deb bayonot berdi.
Sereulid nima?
Sereulid — diareya (ich ketishi) va qusishga olib kelishi mumkin bo‘lgan toksindir. Kompaniya vakillari vaziyat bo‘yicha ota-onalardan uzr so‘rab, mahsulotlar dorixonalar va yirik chakana savdo tarmoqlaridan yig‘ishtirilayotganini ma’lum qildi.
«Biz ushbu ma’lumot yosh bolali ota-onalarda xavotir uyg‘otishi mumkinligini to‘liq tushunamiz», - dedi kompaniya.
AFP axborot agentligiga kompaniya vakilining ma’lum qilishicha, Fransiyadan tashqari, qaytarib olish jarayoni Avstraliya, Chili, Xitoy, Kolumbiya, Kongo Respublikasi, Ekvador, Ispaniya, Madagaskar, Meksika, O‘zbekiston, Peru, Gruziya, Gretsiya, Kuvayt, Chexiya va Tayvanda amalga oshiriladi.
Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, sotuvdan mahsulotning hammasi emas, balki faqat ma’lum bir vaqtda ishlab chiqarilgan va gumon uyg‘otgan sanoqli partiyalarigina (ma’lum kodli qutilari) yig‘ib olinmoqda. Hozircha Fransiya sog‘liqni saqlash idoralari ushbu mahsulotlarni iste’mol qilish natijasida biron-bir rasmiy shikoyat kelib tushmaganini bildirgan.
Nestle va Danone atrofidagi vaziyat
Shveysariyaning Nestle korporatsiyasi ham oy boshidan buyon 60 ga yaqin davlatda o‘z mahsulotlarini sotuvdan qaytarib olmoqda. Singapur oziq-ovqat agentligi Nestle va Fransiyaning Danone kompaniyasiga tegishli Dumex brendi mahsulotlarida ham yuqoridagi toksinni aniqlagan. Fransiya rasmiylari esa Nestle mahsulotini iste’mol qilgan chaqaloqning o‘limi bo‘yicha surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan, biroq hozircha o‘lim va mahsulot o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik isbotlanmagan.
Lactalis inqirozi
Lactalis uchun bu birinchi yirik mojaro emas. 2018 yilda kompaniya salmonella epidemiyasi va uni yashirishga urinish ayblovlari markazida qolgan edi. O‘shanda 80 dan ortiq davlatdan 12 million quti bolalar sut aralashmasi qaytarib olingandi.





