Yashil moliya: Global Janub uchun yangi «o‘yin qoidalari» shakllanmoqda

Bugun 14:404 daqiqa

Pekinda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda yashil moliyaning kelajagi va uning Global Janub davlatlari uchun ahamiyati muhokama qilindi. Xitoy tajribasi, texnologiyalar va yangi moliyaviy mexanizmlar bu sohada yangi bosqich boshlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Yashil moliya: Global Janub uchun yangi «o‘yin qoidalari» shakllanmoqda

Global iqlim boshqaruvi qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytda yashil moliyaning ahamiyati oshib bormoqda. Kecha, 25-mart kuni Xitoy poytaxti Pekinda ish boshlagan 2026-yilgi Global Janub moliyachilar forumining asosiy mavzusi ham shu masala atrofida bo‘ldi. Bu haqda forumda qatnashayotgan VAQT.UZ jurnalisti xabar bermoqda.

Yashil moliya nima?

Yashil moliya – bu atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy faoliyat va investitsiyalar tizimidir. Ya’ni oddiy qilib aytganda, pulni shunday loyihalarga yo‘naltirishki, ular tabiatga zarar bermasin va aksincha, uni yaxshilasin.

Quyosh va shamol energiyasi, ekologik transport, qishloq xo‘jaligida ekologik usullar, chiqindilarni qayta ishlash va energiya tejamkor binolar kabi loyihalarga pul ajratish yashil moliyaning asosiy yo‘nalishlaridir. Mablag‘lar yashil kreditlar, yashil obligatsiyalar hamda ekologiya, ijtimoiy mas’uliyat va boshqaruv standartlari asosida ESG investitsiyalar shaklida ajratilishi mumkin.

Yashil moliya iqlim o‘zgarishini sekinlashtirish, atrof-muhitni asrash va uzoq muddatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun muhim. Bu iqtisodiy foyda bilan birga tabiatni ham himoya qiladigan moliya tizimidir.

Xitoy tajribasi qanday?

Pekinda bo‘lib o‘tgan 2026-yilgi Global Janub moliyachilar forumida moliya institutlari va texnologik kompaniyalar vakillari ushbu masala yuzasidan chuqur muhokamalar olib bordi. Natijada, Global Janubga yo‘naltirilgan yashil moliya yo‘l xaritasi tobora aniqlashib bormoqda.

So‘nggi yillarda Xitoy yashil moliya standartlari tizimini kompleks ravishda takomillashtirib, yashil kapitalning chegaralararo harakati uchun institutsional asos yaratdi. 2025-yil iyun oyida Xitoy markaziy banki tashabbusi bilan qabul qilingan «Yashil moliyani qo‘llab-quvvatlash loyihalari ro‘yxati (2025 yilgi nashr)» turli xil yashil moliya mahsulotlarining yagona tasnifini belgilab berdi. Po‘lat, qurilish materiallari kabi to‘rtta sohada transformatsiyaviy moliya standartlari sinovdan o‘tkazildi. Neft-kimyo kabi yana yettita sohada esa ikkinchi bosqich standartlari joriy etila boshladi. Rag‘batlantirish mexanizmlari doirasida 2026-yilda uglerod chiqindilarini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlash instrumentlari energiya tejash, chiqindilarni qayta ishlash kabi olti asosiy sohani qamrab oldi. 2025-yil oxiriga kelib, yashil kreditlar hajmi 44,8 trillion yuan (6,5 trillion dollar)ga, yashil obligatsiyalar chiqarilishi esa jami 5,2 trillion yuan (755 mlrd dollar)ga yetdi.

2

Mutaxassislar fikricha, hozirgi vaqtda yashil kapitalning chegaralararo harakati asosan ikki asosiy muammo — standartlarning bir xil emasligi va ma’lumotlar asimmetriyasi bilan cheklanib qolmoqda. Bu muammolarni qanday hal etish mumkin? Baidu kompaniyasi vitse-prezidenti Yuan Foyuy sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida sezish, o‘lchash va aylantirish mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovchi tizimni yaratishni taklif qildi. Katta til modellari orqali turli tillar va standartlardagi ESG hisobotlari hamda ekologik ma’lumotlarni qayta ishlash imkoniyati Global Janub davlatlari loyihalari bilan xalqaro kapital o‘rtasidagi aloqani ancha yengillashtirishi mumkin.

Xitoyning xorijdagi loyihalari

Xitoy Qishloq xo‘jaligi banki raisi Van Jixenning ma’lum qilishicha, bank Global Janubdagi yashil loyihalarga faol sarmoya kiritmoqda, Misrdagi Suvaysh 1,1 gigavattli shamol elektr stansiyasi va Malayziyadagi quyosh energiyasi loyihalari shular jumlasidandir.

xitoylik brat

Xitoy Qurilish banki raisi Jan Ining so‘zlariga ko‘ra, mazkur bank dunyoning olti qit’asidagi 28 davlat va hududni qamrab olgan tarmoq orqali «Bir kamar – bir yo‘l» doirasidagi yashil loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirmoqda va ko‘plab xalqaro hamkorlik tadbirlarini o‘tkazmoqda. Iqlim xavflarini baholash testlari o‘tkazilib, ESG risk boshqaruvi investitsiya jarayoniga to‘liq joriy etilmoqda.

Kapital bozorining muhim ishtirokchilari sifatida brokerlik kompaniyalari ham yashil moliya sohasida yangi yo‘llarni izlamoqda. Xitoy Galaktika qimmatli qog‘ozlar kompaniyasi prezidenti Syue Szyun transchegaraviy moliyaviy mahsulotlar yaratish bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniya ESG va «ikki karbon» (uglerod neytralligi) tadqiqotlarini ilk boshlaganlardan biri sifatida Xitoy–Yevropa umumiy tasnifoti asosida CGT-ESG obligatsiya portfelini shakllantirdi va bu transchegaraviy mahsulotlar uchun namunaviy modelga aylandi. Shuningdek, u Hongkong birjasida «dron + karbon sputnik» texnologiyasi bilan bog‘liq dunyodagi ilk yashil obligatsiya chiqarilishiga ko‘maklashdi hamda uglerod kamaytirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan «bir yuan karbon kvotasi» loyihasini xalqaro bozorga olib chiqdi.

Forumda nimaga kelishildi?

Global Janub davlatlari o‘rtasida yashil moliyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalasida forum ishtirokchilari keng kelishuvga erishdi. Jan I barcha tomonlarni standartlarni muvofiqlashtirish, imkoniyatlarni birgalikda izlash va xavflarga qarshi birga kurashishga chaqirdi. Van Jixen esa yashil rivojlanish bo‘yicha umumiy qarashlarni mustahkamlash, Global Janub moliyaviy hamkorligini kengaytirish va rivojlanayotgan davlatlarga mos yashil moliya standartlarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Umuman olganda, standartlardan tortib texnologiyalargacha, moliyaviy innovatsiyalardan tortib xalqaro hamkorlikkacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda forum aniq signal berdi: global tizim qayta shakllanayotgan sharoitda yashil moliya yangi imkoniyatlar va yangi chaqiriqlar kesishgan nuqtada turibdi. Bu yo‘lda asosiy vazifa – standartlarni uyg‘unlashtirish orqali institutsional to‘siqlarni bartaraf etish, texnologiyalar yordamida axborot nomutanosibligini yo‘qotish, moliyaviy innovatsiyalar bilan turli sharoitlarga moslashish va uzoq muddatli kapital orqali barqaror qiymat yaratishdir. Ana shundagina yashil moliyaning ravshan yo‘l xaritasi shakllanadi va bu nafaqat kapital harakatini, balki barqaror rivojlanish kelajagini ham ta’minlaydi.

Teglar

Mavzuga oid