add

Yevropa Ittifoqi rublga bog‘langan A7A5 steyblkoiniga sanksiya joriy etishni rejalashtirmoqda

07.10.2025 | 09:2134665

Bryussel Yevropa fuqarolariga Rossiya bilan bog‘liq kriptotokenlar bilan har qanday operatsiyalarni taqiqlashni ko‘rib chiqmoqda.

Yevropa Ittifoqi rublga bog‘langan A7A5 steyblkoiniga sanksiya joriy etishni rejalashtirmoqda
Bloomberg agentligining yozishicha, Yevropa Ittifoqi rublga bog‘langan A7A5 steyblkoiniga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda. Hujjatlarga ko‘ra, Bryussel yevropaliklarning Rossiya bilan bog‘liq kriptovalyutalar bo‘yicha har qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirokini taqiqlash niyatida. A7A5 — Rossiyada birinchi bo‘lib «raqamli moliyaviy aktiv» maqomini olgan steyblkoin bo‘lib, u sentyabr oyi oxirida rasman sertifikatlangan. U rubl bilan 1:1 nisbatda bog‘langan va 2025 yil fevral oyida Qirg‘izistonda emissiya qilingan. Rossiyalik import va eksportchilar endi uni xalqaro to‘lovlar uchun vosita sifatida ishlatishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, sanksiyalar nafaqat A7A5 tokeniga, balki Rossiya, Belarus va Markaziy Osiyodagi bir nechta banklarga ham tatbiq etilishi mumkin — ular kriptotranzaksiyalar amalga oshirishga imkon bermoqda. A7A5 tokenini Rossiyadagi PSB banki 2024 yil kuzida ishga tushirgan xalqaro to‘lov platformasi A7 orqali joriy qilgan. PSB bankning o‘zi G‘arb sanksiyalari ostida bo‘lib, A7 platformasi «A7-agent» kompaniyasiga tegishli. Kompaniyani Moldova biznesmeni Ilan Shor boshqaradi — u Moldovada 1 mlrd dollarlik o‘zlashtirish ishida aybdor deb topilib, 15 yilga hukm qilingan va Rossiya fuqaroligini olgan. Shorning so‘zlariga ko‘ra, A7 platformasi orqali yaratilgan A7A5 — dunyodagi ilk rubl steyblkoini hisoblanadi. U kompaniyaning ochiq va qonuniy faoliyat yuritishini ta’kidlab, «bu davlat uchun foydali bo‘lgan muqobil to‘lov tizimi», deb aytgan. Financial Times AQSH Moliyaviy jinoyatlarni nazorat qilish idorasiga (OFAC) tayanib yozishicha, 2024 yilda Ilan Shor Qirg‘izistonning Keremet Bank bilan «sanksiyalarni chetlab o‘tish markazi» yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Yanvar oyida mazkur bankka AQSH sanksiyalari joriy etilgan. A7 kompaniyasi esa sanksiyalar faoliyatiga ta’sir qilmasligini bildirdi. «Barcha transchegaraviy to‘lov xizmatlari mijozlar uchun o‘zgarishsiz va cheklovsiz ishlamoqda», — deyilgan ularning bayonotida. Bu vaqtda Kreml vakillari Rossiya iqtisodiyoti «sanksiyalarning ulkan bosimi»ga qaramay faoliyat yuritishda davom etayotganini va ularga nisbatan «muayyan immunitet» hosil qilganini ta’kidlashmoqda.

Teglar

Mavzuga oid