add

YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonga yiliga 50 mln dollar daromad keltirishi mumkin

O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi yo‘qligi sababli mamlakat yiliga taxminan 50 mln dollar daromaddan mahrum bo‘lmoqda. Tizim ishga tushsa, kreativ iqtisodiyot rivojlanadi va YAIM 0,1 foizgacha o‘sishi mumkin.

YouTube monetizatsiyasi O‘zbekistonga yiliga 50 mln dollar daromad keltirishi mumkin
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitobiga ko‘ra, YouTube monetizatsiyasining O‘zbekistonda yo‘qligi mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilmoqda. Agar monetizatsiya yo‘lga qo‘yilsa, mamlakat YAIMi 0,05–0,1 foizga o‘sishi mumkin. Markaziy Osiyoda faqat Qozog‘istonda YouTube monetizatsiyasi mavjud. O‘zbekistonda esa 13 mln faol YouTube foydalanuvchisi bor va 26 mingdan ziyod videobloger faoliyat yuritadi. Ulardan ming nafari 100 mingdan ortiq obunachiga ega. Taxminlarga ko‘ra, yillik ko‘rishlar soni 36 milliardga yetib, blogerlar umumiy 28,8 mln — 50,4 mln dollargacha daromad topishi mumkin. Monetizatsiyaning to‘liq yo‘qligi mahalliy reklama kompaniyalari va kontent yaratuvchilar uchun ham imkoniyatlarni cheklayapti. Hozircha bu xizmatning ishga tushmasligiga asosiy to‘siq — shaxsiy ma’lumotlarni respublika hududida saqlash majburiyati hisoblanadi. Bundan tashqari, mualliflik huquqi himoyasi, reklama bozoridagi shaffoflik, o‘zbek tilini audio tanish algoritmlarida tan olish muammolari ham mavjud. Xalqaro to‘lov tizimlari — PayPal va Stripe kabi xizmatlar rasman ishlamayotgani ham blogerlarning daromad olish imkoniyatlarini cheklamoqda. Mutassaddilar Google bilan muzokaralar olib borish, YouTube talablariga mos infratuzilmani yaratish, o‘zbek tili uchun ovozli ma’lumotlar bazasini shakllantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘z chiqishida yutuberlarga chet tilidagi kontent orqali daromad qilishni tavsiya etgan. Unga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbek blogerlariga global auditoriyadan foydalanish imkoni kattaroq.

Teglar

Mavzuga oid