«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» nishoni ta’sis etildi

23.02.2026 | 10:541 daqiqa

Ko‘krak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyatining qurultoyida topshiriladi.

«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» nishoni ta’sis etildi

Hukumatning 2026 yil 19-fevraldagi 68-son qarori bilan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, ushbu nishon mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish mexanizmini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, nomzodlar ro‘yxati Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati doirasida shakllantiriladi. Ushbu jarayonga «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari, umumta’lim maktablari, Prezident maktablari va «Yangi O‘zbekiston» universiteti bitiruvchilari jalb etiladi.

Shuningdek, «Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusi ishtirokchilari hamda dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarida bilim va tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlar ham nomzod sifatida ko‘rib chiqiladi.

Ishchi guruh taqdim etilgan hujjatlarni umumlashtirib, har yili 25-martga qadar belgilangan talablar asosida eng munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa tayyorlaydi. Mazkur xulosa asosida hujjatlar «Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusini amalga oshirish va ijrosini nazorat qilish bo‘yicha respublika komissiyasiga kiritiladi.

Respublika komissiyasi har yili 20-mayga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Nishon har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati qurultoyida tantanali ravishda topshiriladi.

Mazkur tartib iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini yuksaltirish va davlat taraqqiyotiga jalb etish mexanizmlarini yanada tizimlashtirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid